Prezidentimiz tashabbusi bilan chet mamlakatlarda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi elchisi lavozimi joriy etilgan edi. Bu lavozimga chet ellik mashhur siyosiy, madaniy, sport va ishbilarmon doiralari vakillari tayinlanadi. Ana shunday mezonlar asosida hozirgacha turli mamlakatlarda bir qancha turizm elchisi faoliyat yuritmoqda.
Buxoro shahrida oʻtkazilgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumida ularning soni yana bittaga koʻpaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbari vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Moxd Asri Bin Zaynul Abidinni Oʻzbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi elchisi diplomi bilan taqdirladi.
– Men avval ham diniy ulamolardan iborat delegatsiya bilan kelib, yurtingizni diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilgan edim, – deydi Moxd Asri Bin Zaynul Abidin. – Hattoki, Toshkent shahrida joylashgan Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida boʻlib, diniy taʼlim tizimi, dars jarayonlari, talabalarning yashash sharoitlari, oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar bilan yaqindan tanishgan edim. Samarqandga borib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish davomida Imom Buxoriy hayoti va faoliyati bilan tanishdim. Registon maydoni, Shohi Zinda, Goʻri Amir, Hazrati Xizr majmualari haqida bilib olgan edim. Buxoroda ham boʻlib, eshitgan va koʻrganlarim haqida oʻz yurtimda bir qator chiqishlar qildim.
Ziyorat turizmiga ham bir guruh yurtdoshlarimni olib keldim. Albatta, islom madaniyatida juda muhim oʻrin tutuvchi Oʻzbekiston haqida oʻz mamlakatimda targʻibot ishlarini olib borayotganimdan xursandman. Ikki davlat va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish imkonidan baxtiyorman. Nafaqat Malayziyada, balki arab va ingliz tillarini mukammal bilganim uchun mazkur tilda soʻzlashuvchi aholi va davlatlarda ham yurtingizning turizm borasidagi imkoniyatlari haqida targʻibot ishlarini olib bormoqchiman.
Oʻzbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi elchisi malayziyalik sayyohlarning ziyorat turizmi yoʻnalishida Oʻzbekistonga muntazam tashrifini tashkil etadi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA