13 fevral – Butunjahon Radio kuni

Fan-texnika rivojlanib, texnologik kashfiyotlar imkoniyati yanada kengayib borayotgan hozirgi davrda radio insoniyat kundalik hayotining bir qismiga aylangan. Radio tinglovchini yangiliklaridan xabardor qilish, kerakli maʼlumotlarni yetkazish orqali dunyoning koʻp sonli aholisini bir doira atrofida birlashtiradi. 
Eng arzon va ommabop aloqa-axborot vositasi sifatida radio jamiyatning barcha qatlam vakillari uchun taʼlim darajasi, irqi, yoshi, moddiy ahvolidan qatʼi nazar ularga jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etish imkonini beradi.
Bundan 80 yil avval kashf etilgan radio aloqa vositasi yillar davomida yanada takomillashib bordi. Turli ommaviy axborot vositalari taʼsiri ostida ushbu aloqa-axborot vositasi negizida aloqa-axborot vositalarining yangi avlodlari kompyuter, mobil aloqa vositasi, planshetlar paydo boʻldi.
Radioning insoniyat hayotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda, 13 fevral – “BMT radiosi” tashkil etilgan kun munosabati bilan 2011 yil YUNЕSKO Bosh konferensiyasi tomonidan 13 fevral – Butunjahon radio kuni, deb eʼlon qilindi.
Muhim axborot vositasi sifatida radio bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish, balki maʼnaviy-maʼrifiy, koʻngilochar, omma fikrini shakllantirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.
Kun yangiliklarini yoritishda ommaviy axborot vositalari orasida radioni ahamiyatini eʼtirof etish, jamiyat hayotida radio mavqeini oshirish hamda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida yil taqvimi sahifalarida ushbu kun alohida tarixiy sana sifatida belgilangan.
Har yili Butunjahon radio kuni munosabati bilan dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida 500 ga yaqin tadbir tashkil etiladi. Bu esa oʻz navbatida ushbu kunni xalqaro miqyosda keng nishonlanadigan sanalar qatoridan joy olishga zamin yaratmoqda.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA