Robototexnika tanlovi gʻoliblari aniqlandi

Toshkent davlat texnika universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “ROBOT-UZ 2019” robototexnika respublika tanlovi oʻtkazildi.
Tanlovning mamlakat bosqichida oliy taʼlim muassasalarida mexatronika va robototexnika yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan, saboq berayotgan hamda korxonalarda ishlayotgan 100 dan ziyod yosh 31 jamoaga boʻlingan holda 60 loyihasi bilan qatnashdi.
“Foydali ish bajaruvchi robotlar” nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻrin Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti talabasi Abdulaziz Botirovga, 2-oʻrin Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻin хavfsizligi instituti talabasi Ahror Pardaboyevga, 3-oʻrin Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Boburjon Zayniddinovga nasib qildi.
Shuningdek, “Robot – Sumo musobaqasi”, “Mobil robotlar poygasi”, “Radio boshqaruvli robotlar futbol musobaqasi” hamda “Intellektuallik darajasini namoyon etish” kabi nominatsiyalarda gʻoliblar taqdirlandi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA