Qoraqalpogʻiston Respublikasida parrandachilik klasteri yoʻlga qoʻyish uchun Nukus tumanida “Qusshыlыq” masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil etildi. Amalga oshirilishi moʻljallanayotgan loyihaning umumiy qiymati 21 milliard soʻm boʻlib, yuzta ish oʻrni yaratilib, yiliga 2400 tonna tovuq goʻshti ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“Parrandasanoat” uyushmasidan maʼlum qilishlaricha, kelgusida har bir hududda bittadan klaster tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab olingan. Xususan, 17,4 million dona inkubatsion tuxum yetishtirishga, goʻsht yoʻnalishidagi parrandalarni boqishga moʻljallangan sexlar tashkil etish. Soatiga 80 tonna yem ishlab chiqaradigan korxonalarni ishga tushirish. Shunga mos ravishda soatiga 10,1 ming bosh parrandani soʻyishga moʻljallangan soʻyish sexlari tashkil etish va quvvati 400 tonnaga teng boʻlgan muzlatgichlar barpo etish.
Ayni vaqtda har bir viloyatda 13 ta yangi zamonaviy goʻsht yoʻnalishidagi parrandachilik klasterlarini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Manzilli dasturga asosan qiymati 304 milliard soʻmlik 19 ta parrandachilik klasterlarini tashkil etish kutilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida uchta, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ikkitadan, boshqa viloyatlarda esa bittadan.
Mazkur klasterlarda naslli tuxum yetishtirishdan boshlab, ularni inkubatoriyalarda ochtirish, yem ishlab chiqarish, tovuqlarni boqish va soʻyish, boʻlaklarga ajratish sexlari, qadoqlash va eksportgacha yetkazib berish rejallashtirilgan.
Dastlabki, hisob-kitoblarga koʻra, ushbu klasterlar uchun mahalliy hokimliklar 14,6 ming gektar yer maydoni ajratadi. 1 ming 200 taga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Ular yiliga 16 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.
Mazkur vazifalarni ijrosini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 noyabrda qabul qilingan “Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyatga ega.
Unga koʻra bir qator imtiyozlar mavjud. Xususan, parrandachilik korxonalariga 50 million dollar ekvivalentidagi maqsadli mablagʻlar parrandachilik rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit tariqasida beriladi. 2021 yil 1 noyabrga qadar bu korxonalarga import qilinayotgan ozuqa komponentlari, asbob-uskunalar va jihozlar bojxona toʻlovlaridan ozod etildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin-ki, hozirda yurtimizda parrandalar soni 75 milliontadan oshdi. 2018 yilda 7,2 milliard dona tuxum va 183 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarildi. Aholining tuxumga boʻlgan yillik talabi 6,8 milliard dona boʻlib, amalda esa bu talab 105 foiz bajarildi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA