RECCA VIII vazirlar uchrashuviga bagʻishlangan muvofiqlashtiruvchi yigʻilish boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 3 fevral kuni Qobul shahrida 20 dan ortiq davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda qator xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida Afgʻoniston boʻyicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasining (RECCA VIII) birinchi muvofiqlashtiruvchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, yigʻilishda Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy nutq soʻzlab,
Oʻzbekistonning Afgʻoniston yoʻnalishidagi tashabbuslariga yuqori baho berdi. Ushbu tashabbuslarni RECCA doirasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga toʻliq mos kelishini va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Afgʻoniston TIV rahbari mamlakatimiz hukumati taklifiga binoan RECCA VIII vazirlar konferensiyasini 2019 yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida oʻtkazilishini eʼlon qildi.
Joriy yilning 12 yanvar kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqotining Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi vazirlar yigʻilishi haqida soʻzlay turib, Salohuddin Rabboniy “Afgʻoniston hamma narsadan ham koʻproq barqarorlikka muhtoj. Samarqanddagi uchrashuv esa mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish bilan bogʻliq muammolarni muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini oʻtadi”, deya qayd etdi.
Muzokaralarda RECCA VIII vazirlar uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalalari qatori yigʻilish kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilindi.
Muvofiqlashtiruvchi yigʻilish qatnashchilari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan konferensiyaning yuqori darajada oʻtishiga umid bildirishdi.
Shuningdek, yigʻilish doirasida Afgʻoniston poytaxtida joylashgan RECCA tadqiqot va tahlil markazining rasmiy ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

 

OʻzA