5 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili, BMTning Afgʻonistonga koʻmaklashish boʻyicha missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamoto bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, uchrashuvda Oʻzbekiston bilan UNAMA oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi hamkorlik aloqalarining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashildi.
Suhbat chogʻida Tadamichi Yamamoto Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, uni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash, hudud infrastrukturasini yaxshilash hamda mamlakatni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilishda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Abdulaziz Komilov oʻz navbatida Oʻzbekiston tomonning tinchlik jarayonining har qanday bosqichida mamlakat hududida Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni oʻtkazish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Muzokaralarda xalqaro terrorizm, uyushgan transmilliy jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy savdosidan kelib chiqayotgan jiddiy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashda tomonlar manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, kun tartibidagi boshqa qator masalalar muhokama qilindi.
OʻzA