Uzoq umr koʻrish uchun boshoqli oʻsimliklarni meʼyorida isteʼmol qilish kerak

Garvard universiteti mutaxassislari ovqatlanish bilan bogʻliq boʻlgan va bevaqt oʻlim xavfining oldini olish boʻyicha 14 ta turli xil tahlillar oʻtkazdi. Har bir tadqiqot 6 yildan 10 yilgacha muddatda olib borilib, 780 ming nafar koʻngilli ishtirok etdi. Tadqiqot qatnashchilari non tayyorlashda eng koʻp ishlatiladigan don turlari – suli, guruch va arpa bilan bogʻliq tahlillar oʻtkazdi.
Boshoqli mahsulotlarning 1 porsiyasi 16 gramm qilib belgilandi.
Guruh aʼzolari ana shunday mahsulotlarning 1 porsiyasini doimiy ravishda isteʼmol qilish bevaqt oʻlim xavfini 7 foizga, yurak bilan bogʻliq kasalliklar natijasida yuzaga keladigan oʻlim holatini 9 foizga kamaytirishini aniqladi. Eng muhimi, xavfli oʻsma kasalliklarini 5 foizga kamaytirishga erishish mumkin. Shuningdek, bu mahsulotlarni ovqat ratsioniga kiritish arterial bosim va xolesterin miqdorini pasaytiradi.
Shu bois toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarziga amal qilgan holda ushbu mahsulotlarni muntazam isteʼmol qilish salomatligimiz uchun foydalidir.

 

B.Meliqulova, OʻzA