Hindiston – dunyoda eng koʻpmillatli mamlakatlardan biri. Mamlakatda turli tillarda soʻzlashuvchi bir necha yuz millat, elat va qabila yashaydi. Ularning boshini qovushtiruvchi, tinchlik va hamjihatlikda yashashini taʼminlaydigan amaldagi konstitutsiya 1950 yil 26 yanvardan kuchga kirgan. Shundan beri 26 yanvar – Respublika kuni sifatida nishonlanadi. 1948-1960-yillarda mamlakat huquqiy tizimida yuz bergan eng muhim islohotlar yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan bogʻliq. Hindistonning asosiy qonuni 1949 yil 26 noyabrda qabul qilinib, 1950 yil 26 yanvardan kuchga kirgan.
U dunyodagi eng katta konstitutsiya boʻlib, preambula (muqaddima) va 491 ta moddani oʻz ichiga olgan 25 boʻlimdan iborat. Unda fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklari va ularning kafolatlariga keng oʻrin ajratilgan.
Huquq sohasining asosiy manbasi qonunlar va sud pretsedenti hisoblanadi. Qonunchilik va sud qarorlari konstitutsiyaga muvofiq boʻlishi shart. Konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish huquqi Oliy sudga tegishli.
Mamlakatda qonun hujjatlari iyerarxiyasi quyidagicha: konstitutsiya, qonunlar, prezident farmon (ordonans)lari.
Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston mamlakatimiz bilan tarixiy munosabatlarni mustahkamlash niyatida. Aholisi soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni egallovchi Hindistonning dinamik ravishda rivojlanayotgan demokratik jamiyat qurishga erishgani keng miqyosda tan olinadi. Hindiston bularning barchasiga bir necha asrlik xorijiy mustamlakachilik asorati ortidan erishgan.
Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javoharlal Neru mamlakatda dastlab davlat boshqaruviga asoslangan tuzumni oʻrnatdi. Bora-bora hukumat xususiylashtirish siyosatini jiddiy ravishda hayotga tatbiq etishni boshlaydi. Dunyoda eng koʻp paxta yetishtirayotgan davlatlar uchligiga kiruvchi Hindiston tez orada qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi ilgʻor davlatlar safidan ham oʻrin oladi. Buning ortidan qoʻshnisi va asosiy raqibi Xitoy hamda boshqa qudratli davlatlar Hindistonga qiziqish koʻrsata boshlaydi. Hindiston shaharlarida kundan-kunga gullab-yashnayotgan oʻrta sinf shakllanadi va ular axborot texnologiyasi sohasida katta yutuqlarni qoʻlga kiritadi. Hozirda mamlakat oʻz sunʼiy yoʻldoshlarini fazoga uchirish bilan birga Oyni ham zabt etish rejasi mavjuddir.
2014 yili hukumat tepasiga kelgan Bosh vazir Narendra Modi aholi kambagʻal qatlamining hayotini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni davom ettirishni oʻzining asosiy vazifasi ekanini eʼlon qilgandi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi va aholi turmush darajasining koʻtarilishi nuqtai nazaridan Hindiston ancha tezkor ildamlamoqda.
Xususan, 2017 yilning birinchi yarmidan mamlakatdagi narx-navo ham jiddiy suratlarda pasayib borganligi qayd etildi. Bu 2016 yilning noyabrida mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan amalga oshirilgan valyuta siyosati natijasida muomaladagi ikki turdagi banknotalarning bekor qilingani bilan bogʻliq. Oʻshanda mamlakatdagi koʻpgina korxona va firmalar faoliyatida keskin pasayish va halokatli bankrotlik holatlari kuzatildi. Koʻpgina korxonalar mazkur reforma natijasida barbod boʻlish darajasiga kelib qolgandi. Ammo koʻp oʻtmasdan ahvol birdaniga oʻnglandi va iqtisodiyotda hayot qayta jonlandi. Endi mamlakatda ishlab turgan korxonalar faoliyatida toʻxtamasdan oʻsish kuzatila boshlandi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi joriy yil moliyaviy koʻrsatgichlari boʻyicha Hindiston Xitoydan kamida 7,4 foizga oʻzib ketishini taxmin qilmoqda. Buning sabablaridan biri sifatida Hindistondagi 100 milliondan ortiq kichik firmalarning muvaffaqiyatli ishlab turgani keltirilmoqda.
Yana bir qiziq maʼlumot. 2017 yilda Hindiston Fransiyani quvib oʻtib, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi boʻyicha dunyo mamlakatlari roʻyxatida oltinchi oʻrinni egalladi. Soha ekspertlari yaqin oʻn yilda Janubiy Osiyoning bu mamlakati jahonning uchta yirik iqtisodiyotlaridan biriga aylanishini bashorat qilayotganlari ham bejiz emas. Negaki, oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilgʻor axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integratsiya jarayonlarida faol qatnashish hisobiga jiddiy siljishga qoʻl urdi. Afsuski, ijtimoiy tengsizlikning yuqori koʻrsatkichi va malakali kadrlarning yetishmovchiligi Dehli uchun jiddiy bosh ogʻriq boʻlib qolmoqda. Shunga qaramay, “hind moʻjizasi” jahon iqtisodiyoti manzarasiga oʻzgarish kiritib boʻldi.
Odatda hind iqtisodiyotining oʻsishi demografik omil bilan bogʻlanadi. Bugungi kunda aholi soni 1,3 milliarddan oshgan. Bunday vaziyat xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yuzaga keltiradi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 50 foizdan oshib ulgurdi. Ayni paytda Hindiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ilgʻor eksportchisiga aylandi. Ayniqsa, Xitoy bozorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligidan muvaffaqiyatli tarzda foydalanib, Chin bozorini zabt etdi.
Xitoy toʻqimachilik mahsulotlari sezilarli qimmatlashuvi ortidan Hindiston butun dunyoga arzon gazlama mahsulotlarini yetkaza boshladi, yaʼni Xitoy bozorining oʻrinbosariga aylandi.
Qaram mamlakatdan mustaqil iqtisodiy yirik davlatga aylanishi quvonarli albatta. Bu uning global integratsion jarayonlarga faol qoʻshilishi bilan ham izohlanadi. Hindistonning SHHTga aʼzo boʻlishi, shuningdek, YevroOsiyo iqtisodiy hamjamiyatiga aʼzo davlatlar bilan erkin savdo zonasini tashkil etish borasidagi muzokaralari iqtisodiyoti kelajagi yoʻlidagi izlanishlardan biridir. Zero, hali oldinda yechilishi lozim boʻlgan talay muammolar bor. YAIM yuqori koʻrsatkichlariga qaramay, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan mahsulot 1 ming 963 dollarga teng, Xitoyda esa bu raqam 7 ming 330 dollarni tashkil etadi.
Hindiston 2020 yil 26 yanvarda mamlakatni suveren, demokratik respublika, deb eʼlon qilgan Konstitutsiya kuchga kirganining 70 yilligini nishonlaydi. 1947 yilning 15 avgustida mustaqillikka erishgan Hindiston oʻtgan oʻn yilliklar mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning ogʻir yoʻlini bosib oʻtdi.
Xalqaro munosabatlarda ham Dehli Janubiy Osiyoning soʻzsiz yetakchisi. Qolaversa, uning boshqa mintaqalarda, xususan, janubi-gʻarbiy va janubi-sharqiy Osiyodagi geosiyosiy taʼsiri kuchayib borayotganini ham taʼkidlash oʻrinli. Bunga davlatning oʻsib borayotgan harbiy-siyosiy imkoniyatlari va yadroviy davlat maqomi imkon beradi.
Iqtisodiyotning sezilarli koʻtarilishi, ilgʻor axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilik, yadroviy qurol, yetakchi davlatlar bilan strategik sherikchilik, shu va shu kabi omillar yaqin istiqbolda Hindistonning nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro hamjamiyatdagi yetakchilik rolini belgilab bersa ajabmas.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻzaro munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida bir-biriga talpinayotgan mamlakatlar. Keyingi toʻrt oy ochida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga amalga oshirgan ikki marotaba tashrifi buning yaqqol tasdigʻidir.
Misol uchun, 2018 yilning oktyabrida Prezidentimizning Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida 17 ta muhim hujjat imzolandi.
Davlat rahbarlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika tarmogʻi, zargarlik sanoati, qishloq xoʻjaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish borasida fikr almashdilar.
Shuningdek, Prezidentimiz “Joʻshqin Gujarat” xalqaro sammitida ishtirok etdi. Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud boʻlib, mazkur sammit ana shu anʼanalarni davom ettirishga, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilishga xizmat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash – Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda Hindistonda “Oʻzbekiston madaniyati yili”ni hamda Oʻzbekistonda “Hindiston madaniyati yili”ni oʻtkazish, joriy yilda yurtimizda oʻzbek-hind Yoshlar festivalini tashkil qilishni taklif etdi.
Shubhasiz, Oʻzbekiston-Hindiston doʻstligi va hamjihatligi mintaqalararo hamkorlikka, tinchlik va barqarorlik ishiga xizmat qiladi.