Sanʼat ustalari Orolboʻyida

Umumxalq hashariga aylangan Orolning qurigan tubiga saksovul ekish ishlari sanʼatkorlarimizni ham befarq qoldirmadi. Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Joʻrayev, Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Turkmaniston xalq artisti Ortiq Otajonov, isteʼdodli xonanda Feruza Jumaniyozova Orol dengizining qurigan maydonida mehnat qilayotgan hasharchilar uchun konsert dasturlari namoyish etdi.

– Tumanimizga yurtimizning barcha viloyatlaridan kelib mehnat qilayotgan ishchilarning madaniy hordiq chiqarishi uchun qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Taniqli sanʼatkorlar tez-tez kelib konsert dasturlari namoyish qilmoqda, odamlar bilan uchrashmoqda. Moʻynoqda boʻlayotgan oʻzgarishlar hammaning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirmoqda, – deydi Moʻynoq tumani hokimi oʻrinbosari Baxtiyor Menlibekov. – Ayniqsa, sanʼatkorlarning tashrifidan barcha xursand. Yangi yil bayrami hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida ham sanʼat ustalari tashrif buyurgan edi.

Sanʼatkorlar tomonidan Moʻynoqdagi 2-bolalar musiqa va sanʼat maktabida oʻquvchilar uchun mahorat darslari ham oʻtkazildi.

Ye.Qanoatov, OʻzA