Oʻzaro manfaatli sheriklikka asoslangan hamkorlikning yangi bosqichi

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan 2019 yil 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 21 yanvar kuni Berlin shahrida boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel hamda Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Tashrifning ikkinchi kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Bavariya federal oʻlkasi Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoʻydi.

Germaniyaning janubi-sharqida joylashgan Bavariyada 12,9 million aholi yashaydi. Ushbu oʻlka mamlakatning maydoni boʻyicha eng yirik va aholi soni boʻyicha ikkinchi subyektidir.

Bavariya Germaniyaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri boʻlib, uning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 600 milliard yevroga yaqin. Bu Yevropa Ittifoqiga aʼzo aksariyat davlatlar YAIMidan koʻp. Germaniyada ishlab chiqarilayotgan avia va aerokosmik texnikaning qariyb yarmi, toʻqimachilik mahsulotlarining 43, elektronika tovarlarining 27, mashinasozlik sohasining 18, metallurgiya mahsulotlarining 12 foizi ushbu federal oʻlka hissasiga toʻgʻri keladi.

Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston Prezidenti Markus Zyoderni Germaniya Xristian-sotsial ittifoqi partiyasi raisi etib saylangani bilan tabriklab, uning ushbu martabadagi faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashishiga ishonch bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha ham fikr almashildi.

Prezidentimiz Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar davomida oʻzaro anglashuvga erishilgani va hamkorlik loyihalari qoʻllab-quvvatlanganini taʼkidladi.

Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoyevning Myunxenga tashrifidan mamnun ekanini bildirib, Germaniya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishi, savdo-iqtisodiy sohadagi samarali hamkorlik oʻzaro munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishini qayd etdi.

Mamlakatimizning Bavariya bilan munosabatlari uzoq tarixga ega. Tarixchi I.Shiltbergerning Amir Temur huzurida boʻlgani toʻgʻrisidagi yozma xotiralari xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy aloqalar tilga olingan ilk hujjatli manbalardan biridir.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ilgʻor nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanini taʼkidladilar.

Madaniy-gumanitar aloqalar, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qoʻshma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish boʻyicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bavariya Bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyevga Germaniya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistondagi loyihalari va takliflariga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli biznes sheriklikdan gʻoyat manfaatdor ekanini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari Bavariya Bosh vaziriga “Oʻzbekistonning madaniy merosi Germaniya kolleksiyalarida“ kitob-albomini sovgʻa qildi.

Abu Bakr Oʻrozov,
 
OʻzA