Qizaloq hayotini saqlab qolgan xodimlar

Bayram, deganda koʻz oldimizda fayzli, tarovatli, quvonchli onlar gavdalanadi. Ammo bayramlar faqat quvonchli lahzalardan iborat, desak toʻgʻri boʻlmaydi, Chunki noxush holatlar bayram oʻtishini kutib oʻtirmaydi.
Ayni paytda mamlakatimizning bosh archasi oʻrnatilgan Mustaqillik koʻchasida Yangi yil bayramiga bagʻishlangan tantanalar davom etmoqda. Archa atrofiga nafaqat poytaxt, balki mamlakatimizning turli hududlaridan yurtdoshlarimiz tashrif buyurmoqda.
Qishki taʼtil kunlarida bu yerda shodu xurramlik qilayotgan bolajonlarni koʻrib koʻzingiz quvonadi. Ularning xavfsizligini taʼminlash uchun ichki ishlar organlari xodimlari barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Tomoshalar vaqtida oʻzini yomon his qilgan yoki tobi qochib qolayotgan shaxslar ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq.
Kuni kecha onasi bilan tomoshaga kelgan ikki yoshli qizaloqning sogʻligi yomonlashib qolgan. Surunkali xuruj tufayli oʻzini yoʻqotgan qizaloq va nima qilishini bilmay qolgan onaga ikki nafar ichki ishlar organlari xodimlari birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan va “tez yordam”ga xabar bergan. Shifokorlar yetib kelgach, qizaloqqa oʻz vaqtida zarur yordam koʻrsatilganini eʼtirof etgan.
Ayni vaqtda qizaloq shifoxonada mutaxassislar nazorati ostida. Eng muhimi, hozir u oʻzini yaxshi his qilmoqda.
IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha, xizmat burchiga vijdonan va sidqidildan yondashgan, goʻdak hayotini asrab qolgan polkovnik Murodilla Aliqoriyev va leytenant Farruh Obidovlar Ichki ishlar vazirligining qimmatbaho sovgʻasi bilan taqdirlangan. Ularning faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotganligi hamda fuqarolarning hayotini saqlab qolishda yuqori kasb mahoratini namoyon etib, xalq orasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan boʻlgan ishonchning mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshganligi IIV rahbariyati tomonidan yuqori baholangan.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA