Yaqin oʻn yilliklar davomida jahon xaritasida jiddiy oʻzgarishlar yuz berishi mumkin

Olimlarning soʻzlariga qaraganda, ayrim orollar suv ostida qoladi. Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo ekspertlar guruhining hisobotlariga koʻra, atmosferadagi parnik gazlari konsentratsiyasi yil sayin yuqori darajaga koʻtarilmoqda.

Buning natijasida Antarktida, Arktika va Grenlandiya muzliklari eriy boshlaydi va jahon okeanlarining suvlari asta-sekin isiydi va ularning sathi koʻtariladi. Turli taxminlarga koʻra, 2100 yilga borib dengiz sathi hozirgidan 0,5-2 metrgacha koʻtariladi. Bu oʻz navbatida koʻz oʻngimizda bir qator mamlakatlarning suv ostida qolishini anglatadi.

Tahlilchilarning fikricha, birinchilardan boʻlib suvostiga Tinch va Hind okeanlaridagi orol-davlatlar “shoʻngʻiydi”. Bu orol-mamlakatlarning butunlay boʻlmasa-da, qisman, ayniqsa sayyohlarga moʻljallangan inshootlari, infratuzilmalari joylashgan qismi suv ostida qolishi aytilmoqda.

Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo ekspertlar guruhining hisobotida Yer yuzidagi global suv ostida qolish ehtimoli boʻlgan mintaqalar haqida maʼlumot berilgan. Maʼlumotda Marshall orollari, Kiribati Respublikasi, Tuvalu, Tonga, Mikroneziya Federativ Shtatlari, shuningdek, Kuka, Atigua, Nevis va sayyohlarning sevimli maskani boʻlmish Maldiv orollarining suv ostida qolishi taʼkidlab oʻtilgan.

Tahlilchilar Maldiv orollari yana 50 yildan soʻng butunlay suv ostida qolishini bashorat qilmoqda. Bu orol 20 ta atolla, 1192 ta kichik orolchalardan iborat. Maldiv Respublikasi hukumati har yili sayyohlikdan tushadigan daromadlarni yangi yerlar sotib olishga moʻljallangan maxsus jamgʻarmaga yoʻnaltiradi. “Zahiradagi vatan” sifatida Hindiston va Shri-Lankaga tegishli hududlar koʻrilmoqda. Chunki bu ikki mamlakat xalqlarining urf-odati, madaniyati va turmush tarzi Maldiv aholisinikiga oʻxshab ketadi.

Kiribati Respublikasidagi 33 ta atollaning 32 tasi suv ostida qolishi aniq ekani aytiladi. Ekspertlarning aytishicha, 2050 yilga borib bu orollar hayot kechirish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi. Kiribati rasmiylari 2010 yildan boshlab tashvishga tushib qolganini ochiq-oydin aytar ekan, yuz mingga yaqin aholi uchun yangi yer qidirmoqda. Hukumat bir necha yil avval qoʻshni Fidjidan yer sotib oldi, ayni damda Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan mazkur masala yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Biroq mamlakat aholisi oʻzlarining kindik qoni toʻkilgan vatanlaridan bosh olib chiqib ketishni istamayapti. Bu kabi insonlar uchun “B” rejasi ishlab chiqilgan. Bunga koʻra okeanda sunʼiy orol yaratish koʻzda tutilgan. Yaponiyaning Shimizu Corporation kompaniyasi yangi suniy yer yaratish borasida loyiha ishlab chiqdi. Bu loyihani hayotga tatbiq etish uchun 2 milliard dollar kerak boʻladi. Bu kabi mablagʻ Kiribatida yoʻq. Shu sababli mamlakat hukumati koʻmak soʻrab jahon hamjamiyatiga murojaat qildi.

Jahon okeanlari kichik yoki katta davlatlarga qarab oʻtirmaydi. Xavf nafaqat orol davlatlarga, balki Yevropadagi gullab-yashnayotgan mamlakatlarga ham yaqinlashmoqda. Olimlar bu borada Gollandiyani nazarda tutishadi. Delft texnologik universiteti olimlari bundan bir necha yil muqaddam bong urib, Niderlandiyaning suv ostida qolishi muqarrar ekanini aytishgan va aholini xavfsiz joyga koʻchirish taklifini bergan edi. Bashoratlarga koʻra, Kopengagen, Antverpen, London va Venetsiya ham suv ostida qolish xavfi boʻlgan shaharlar roʻyxatiga kiritilgan.

Italiyaning mashhur Venetsiya shahri 2028 yilga borib yashash uchun yaroqsiz holga keladi va 2100 yilda butunlay suv ostida qoladi. Bunga okeanning quruqlikka “hujumi” bilan bir qatorda insonlarning xoʻjalik faoliyati ham sabab boʻlmoqda. Bugungi kunda shaharda suv toshqinlari odatiy holga aylangan. Masalan bundan yuz yil avval San-Marko maydoni bir yilda 9 marta suv toshqini bilan toʻqnash kelgan boʻlsa, bugun yiliga yuz marta suv toshqini kuzatilmoqda. 1966 yilda yuz bergan suv toshqinidan keyin Italiya hukumati hushyor tortib, Venetsiya muammosi bilan jiddiy shugʻullanishga qaror qildi. Ayni damda shaharning tarixiy qismi yaqin yillar ichida vayron boʻlishi mumkin, degan xavotirlar aytiladi.

Osiyoda Bangladesh, Bangkok, Mumbay va Xitoyning sohil mintaqalari suv ostida qolishi ehtimoli haqida ogohlantirilmoqda. Tailand poytaxti Bangkokni kelajakda noxushliklar kutmoqda. 5 million 600 ming aholi istiqomat qiluvchi bu shahar 2050 yilga borib butunlay suv ostida qolishi mumkin.

Afrika qurgʻoqchilik girdobida qolgani haqida koʻp gapiriladi. Biroq bu qitaga ham suv toshqinlari xavf solmoqda ekan. Ayniqsa, Gambiya poytaxti Banjul suv toshqinlari bilan toʻqnash keladigan birinchi shahar ekani aytiladi. Okean sathi koʻtarilishi xavfi bois hukumat hozirdanoq sohil boʻyini mustahkamlashga kirishmoqda. Sohil hududlarini yoʻqotish Gambiyaga juda ham qimmatga tushadi. Chunki mintaqada sholizorlar, baliqchilik markazlari va sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylar joylashgan. Forbes jurnali Banjul shahrini 2100 yilgi “arvoh shaharlar” roʻyxatiga kiritdi.

Bundan bir necha yil muqaddam Avstraliya olimlari eʼlon qilgan hisobotda Avstraliya iqlimi jahonning boshqa mintaqalariga qaraganda tezlik bilan oʻzgarayotgani taʼkidlanadi. Shu sababli ham bu mamlakatning suv ostida qolish xavfidan ogohlantirilmoqda. Yildan-yilga sohilga toʻlqinlar hujumi koʻpayib bormoqda. Suv toshqinlari vayronagarchiliklardan darak berishi aytilmoqda. Mamlakatning 80 foiz aholisi istiqomat qiladigan maydonlar suv ostida qolishi ehtimoli bor.

Amerika olimlari bir necha bor mamlakatning bir qator shaharlari, jumladan Nyu-York, Yangi Orlean va Los-Anjeles tahdid bilan toʻqnash kelishidan ogohlantirib keladi. Climate Central tashkiloti tadqiqotchisi Benjamin Strausning aytishicha. “okean orti mamlakati”dagi Florida, Luiziana, Kaliforniya, Nyu-Jersi, Shimoliy Karolina shtatlarida joylashgan1400 shahar xavf ostida ekan. Olimlarning aytishicha, Lotin Amerikasidagi Urugvay va Paragvay, shuningdek Argentina poytaxti Buenos-Ayres ham suv ostida qolishi mumkin. Buenos-Ayres viloyatidagi 30 yildan beri suv ostida qolib kelayotgan Lago-Epekuen shahriga Yangi Atlantida nomi berildi. Eslatib oʻtamiz, mahalliy Epekuen koʻliga qurilgan toʻgʻonning 1985 yilda yogʻingarchilik tufayli buzilishi natijasida bu shahar suv ostida qolgan edi. Fojia vaqtida shaharda 5000 kishi istiqomat qilardi. Shahar asta-sekinlik bilan choʻkkani bois odamlar oʻz vaqtida xavfsiz joyga chiqib olishga ulgurdi.

Jahondagi bu kabi xavf-xatarlarni tahlil qilar ekanmiz, xalqimizning suv balosidan oʻzi asrasin degan gaplari yodga tushadi. Tabiatni asrash kerakligi borasidagi nasihatlar ham bejiz aytilmaganiga yana bir bor ishonamiz.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA