100 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir va Xoʻjayli tumanlarida 2019 yilda yirik chorvachilik majmualari ish boshlaydi.
Taxtakoʻpir tumanida “Agrokompleks Qoraqalpogʻiston” MCHJ shaklidagi Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasi tomonidan umumiy qiymati qariyb 20 milliard soʻmlik chorvachilik majmuasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda 300 bosh qoramol boqish yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha amalga oshirilgach, 30 kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Xoʻjayli tumanida 1000 bosh qoramol va 1000 bosh qoʻy boqishga moʻljallangan chorvachilik majmuasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 12 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha asosida yiliga 1,6 ming tonna sut va 90 tonna goʻsht yetishtiriladi, 55 yangi ish oʻrni yaratiladi.
Bu kabi loyihalar 2018 yilda ham Qoraqalpogʻiston Respublikasining boshqa tumanlarida amalga oshirildi. Sohada bu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan subyektlar soni koʻpayishi aholining sifatli, arzon goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
– Chorvachilikni rivojlantirish borasida koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Aybek Aminov. – Masalan, Beruniy tumanidagi “Shukrullo Bobojonov” fermer xoʻjaligi tomonidan Qozogʻiston Respublikasidan 250 bosh “Qozoqi oq bosh” va 50 bosh “Aberdin-angus” zotli qoramol keltirildi. Nukus tumani “Ali bobo” fermer xoʻjaligi tomonidan yana shu davlatdan 283 bosh naslli tuya olib kelindi. “Sahro kemasi“ deb taʼriflanadigan tuyalarni boqish uchun Qoraqalpogʻiston zamini juda qulay. Chunki tuya asosan saksovul va shuvoq bilan oziqlanadi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA