Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida rassom Irina Щurning “Oʻzbekiston – Germaniya” shaxsiy fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.
Milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari bunday aloqalarning muhim subyektlari sifatida davlat siyosatini shakllantirish hamda Oʻzbekistonning dunyo mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlashga sezilarli tarzda ijobiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda.
Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub yurtdoshlarimizning “Vidergeburt” madaniyat markazi, Samarqand, Buxoro va Fargʻonada faoliyat yurituvchi nemis madaniyat markazlari mamlakatimizning Germaniya Federativ Respublikasi bilan madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarini mustahkamlashga hissa qoʻshish bilan birga, nemis tili, madaniyati, urf-odatlarini targʻib qilishda ham muhim bosqichlarni amalga oshirib kelmoqda.
Koʻrgazmaga qoʻyilgan foto-asarlar orqali Germaniyaga ramziy maʼnoda safar qilish, uning fusunkor tabiati hamda tarixiy-meʼmoriy obidalarini tomosha qilish, sokin koʻchalari boʻylab sayr etish, mamlakatni rivojlantirishdagi ilgʻor yutuqlariga oshno boʻlish mumkin.
Koʻrgazmaning ochilishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar Germaniya – Oʻzbekiston madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarining istiqbollari haqida toʻxtalib, mamlakatimiz rahbarining Germaniyaga rejalashtirayotgan rasmiy tashrifi bunday aloqalar koʻlamini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.