“Startap tashabbuslar – 2018”: yoshlarni yangi gʻoyalarga chorlaydi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida oʻtkazilgan yoshlarning startap-tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash dasturining yakuniy bosqichida 16 jamoa oʻz loyihalari bilan qatnashdi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi, BMTning Taraqqiyot dasturi va boshqa tashkilotlar hamkorligida hamda Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi moliyaviy koʻmagida tashkil etilgan tadbir yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ularning ijodiy faolligini oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Anʼanaviy tashkil etib kelayotgan dasturda ishtirok etish uchun 510 jamoa loyihasini taqdim etgan boʻlsa, ular orasidan 92 jamoaning loyihasi saralab olindi. Bu gal taʼlim sohasiga oid loyihalar, virtual reallikka asoslangan savdo maydonchalari, startaplar va boshqa loyihalar, shuningdek, ishlab chiqarish boʻyicha xizmatlar, savdo va umumiy ovqatlanishni boshqarishning avtomatlashgan tizimlari hamda tibbiyot, reklama, turizm sohasidagi boshqa loyihalar taqdim etildi.

Finalda namoyish etilgan startap-loyihalar “Startap-tashabbuslar” dasturi ishtirokchilarining uzoq davom etgan mehnati samarasi deyish mumkin. Negaki, dastur davomida jamoalarning yetakchilari va aʼzolari murabbiylar rahbarligida nazariyalarini sinovdan oʻtkazib, minimal ish modellarini yaratdi. Ularni amaliyotda tekshirib koʻrdi. Kamchiliklarini tahlil qilib, uni takomillashtirishga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, ular amaliy seminarda hamda Oʻzbekiston va Rossiyaning yetakchi ekspertlari ishtirokida taqdimotlarni tayyorlash boʻyicha treningda qatnashib, bilimlarini yanada mustahkamlashga erishdi.

Ishtirokchilar taqdim etgan loyihalarga eʼtibor qarataylik. “Little Big Media” – raqamli reklamani joylashtirish uchun supermarketlarda samarali maydonchani taqdim etishga doir xizmatdir. Maydon ekran (7-8 dyuym) oʻrnatilgan gadjetdan hamda supermarket xaridorlarining smartfonlarini quvvatlantirish imkonidan iborat. Gadjet xaridor aravachasining tutqichiga mahkamlanadi. “Kontrakt.uz” loyihasi esa shartnoma asosida taʼlim olayotgan talablar uchun vaqt va mablagʻni tejashga qaratilgan dastur. Dasturiy taʼminot shartnoma boʻyicha qarzdorlikni bilish, toʻlash va toʻlovlarni olish imkonini beradi. Dasturiy taʼminot onlayn, Android platformasida ishlaydi va u elektron toʻlov tizimlari bilan integratsiyalangan.

Samarqand iqtisodiyot va cervis instituti talabalari Abdulaziz Suyarov va Muborak Gadoyeva ham tadbir ishtirokchilaridan. Bu ikki izlanuvchan talaba oʻz ustida ishlashni yaxshi koʻradi. Yangi gʻoyalar va tashabbuskorlik ularning sevimli odatiga aylangan.

17-faqat saytga.JPG

– Viloyatimiz boʻyicha 20 jamoa loyihasini taqdim etgan edi, – dedi ular. – Biroq ular orasidan 2 jamoaning loyihasi finalga loyiq koʻrildi. Bundan biz juda xursandmiz. Aslida, shu bosqichga yetib kelishning ham oʻzi boʻlmadi. “Elektron ovqatlantirishni tashkil etish” loyihamiz turizmni rivojlantirishda qoʻl keladi, deb oʻylaymiz. Institutning servis va turizm fakultetida taʼlim olayotganimiz bois aynan shu yoʻnalishda loyiha ustida izlanishga qaror qildik. Yoshlar uchun qiziqarli boʻlgan bu kabi tadbirlar mamlakatimizda oʻsib-ulgʻayayotgan avlodni ijodga, izlanishga va mustaqil yangi gʻoyalar ustida ishlashga turtki beradi. Dasturning yagona maqsadi ham shunga qaratilgan.

Yakunda loyiha gʻoliblari aniqlanib, tashkilotchilarning diplom va sovgʻalari bilan taqdirlandi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA