Oʻzbekistonda metangaz narxlari pasaydi, ammo...

Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasi bilan hamkorlikda hududlardagi gaz quyish shoxobchalarida sotilayotgan metangaz narxlarini tahlil qilishda davom etadi. 
Gaz quyish shoxobchalarida narxlarni oʻzboshimchalik bilan koʻtargan, ular oʻzlari xohlagan narxlarini qoʻyib sotayotgani OʻzA hamda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tahlili fosh etgani haqida xabar bergan edik.
Tahliliy material eʼlon qilinganidan soʻng, Davlat raqobat qoʻmitasi, “Oʻzdavneftgazinspeksiyasi” va davlat soliq xizmati organlari qonunchilikda belgilangan tartibda nohalol raqobat faktlarini aniqlash maqsadida gaz-zapravkalarda narxlar ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatdi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali realizatsiya qilinayotgan tabiiy gaz narxi asosiz oshirilgani aniqlanib, mamlakatimizda siqilgan gaz (metan) narxlari pasaytirildi. Biroq shunga qaramay baʼzi hududlarda oʻzboshimchalik bilan belgilangan narxlar hamon uchramoqda.
OʻzA Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasi bilan hamkorlikda avtomobillarga siqilgan gaz (metan) quyish shoxobchalaridagi 1m/3 gazning sotilish narxini yana oʻrganib chiqdi.
Unga koʻra, Respublika boʻyicha avtomobillarga siqilgan gaz (metan) quyish shoxobchalaridagi 1m/3 gazning sotilish narxi quyidagicha:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1800 soʻmdan 2200 soʻmgacha
2. Toshkent shahrida 1900 soʻmdan 1950soʻmgacha
3. Andijon viloyatida 1900 soʻmdan 2000 soʻmgacha
4. Namangan viloyatida 1690soʻmdan 1800 soʻmgacha
5. Fargʻona viloyatida 1800soʻmdan 1950 soʻmgacha
6. Sirdaryo viloyatida1700soʻmdan 1800 soʻmgacha
7. Jizzax viloyatida 1900soʻmdan
8. Samarqand viloyatida 1800 soʻmdan 2000 soʻmgacha
9. Buxoro viloyatida 1700 soʻmdan 2100 soʻmgacha
10. Navoiy viloyatida 1900soʻmdan 2000 soʻmgacha
11. Qashqadaryo viloyatida 1900 soʻmdan
12. Surxondaryo viloyatida 1900 soʻmdan 2000 soʻmgacha
13. Xorazm viloyatida 1900 soʻmdan
Eng arzonavtomobillarga siqilgan gaz (metan) quyish shahobchalaridagi 1m/3 gaz narx Namangan viloyati Namangan shahridagi “Ezgu niyat sari” MCHJ hamda “Ezgu niyat” MCHJda ekanligi aniqlandi. Yaʼni narx 1690 soʻm.
Eng qimmat narxlar esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi “Avtodakar” MCHJ (2200 soʻm), Buxoro (2100 soʻm), Surxondaryo, Navoiy, Samarqand, Andijon viloyatlarida (2000 soʻmgacha).
Maʼlumot uchun: 16 noyabrga qadar gaz-zapravkalarga yetkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning narxi — 789 soʻm 74 tiyin (buning 289,74 tiyini — tabiiy gazning ulgurji sotish narxi, 500 soʻmi — maxsus investitsiya ustama haqi).
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu masalaga oʻz munosabatini bildirganida, vazirlik agar narxlar 15 noyabrgacha boʻlgan holatga qaytmasa, tegishli sanksiyalarni koʻrishga majbur boʻlishi aytilgan. Xususan, transport vositalari uchun benzin, dizel yonilgʻisi va gaz isteʼmoli uchun soliq stavkasini koʻpaytirish orqali noqonuniy yoʻl bilan olinayotgan daromadlarni olib qoʻyish taklifi bilan chiqishga yoki boshqa fiskal choralarni koʻrishga majbur boʻlishi taʼkidlangan.

 

OʻzA