Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini markirovka qiluvchi yetakchi davlatlar roʻyxatiga kirishi mumkin

Allergiyadan aziyat chekuvchi isteʼmolchilarni himoya qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi ishtirokida tashkil etilgan Xalqaro molekulyar allergiya markazi xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlarida allergenlar mavjudligini markirovka qilish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Oziq-ovqat allergiyasi bezovta qiladigan bemorlar toʻlaqonli hayot kechirishlari uchun muayyan allergen mahsulotlarni ularning kunlik taomnomalaridan chiqarib tashlash zarur. Qaysi mahsulotni sotib olish mumkin-u, qay birini xarid qilmagan maʼqul degan masala esa qadoqlardagi maxsus maʼlumotlarning taqdim etilishi bilan hal etiladi.
Yevropa Ittifoqining amaldagi qonunchiligiga asosan bugungi kunda 13 turdagi mahsulotlar allergenlar mavjudligi boʻyicha markirovka qilinadi, bular: sut, tuxum, yeryongʻoq, yongʻoq, soya, kunjut, bugʻdoy, xantal, baliq, qisqichbaqa, selderey, lyupin va grechixadir. Amerika Qoʻshma Shtatlari, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda ham markirovka boʻyicha qonunchilik mavjud. Yaponiyada faqatgina bugʻdoy, grechixa, tuxum, yeryongʻoq va qisqichbaqa markirovka qilinishi shart, ammo 19 ta mahsulot turi “markirovka qilinishi tavsiya qilinadi” deb koʻrsatilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi dasturiga koʻra allergiya profillarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining qaysi mahsulotlariga allergiyasi koʻpligi molekulyar darajada aniqlanmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab boʻluvchi oziq ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryongʻoqdir. Undan soʻng turli xil yongʻoqlar, soya, kunjut, kivi va shaftoli allergiya chiqaruvchi mahsulotlar roʻyxatidan joy olgan.
Isteʼmolchi hamisha ham non va non mahsulotlarida, yormalarda, glazur, kremlar, souslar, gazaklar va quritilgan mevalar aralashmasida yeryongʻoq borligidan xabari boʻlmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga markirovkani joriy qilish orqali isteʼmolchilarning salomatligi va manfaatlarini himoya qilish yanada takomillashadi.
Shuningdek, kafe, restoran va boshqa jamoat ovqatlanish joylarining taomnomalariga taomlarda allergenlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish boʻyicha tavsiyalar ham ishlab chiqilmoqda. Mazkur tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

O’zA