Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Oʻzbekistonda paxta terimida majburiy mehnat keskin ravishda kamaygani, bolalar mehnati borasida esa oldingi yillarda boʻlganidek, xavotirga oʻrin qolmaganini eʼtirof etmoqda.
– XMT monitorlarining xabar berishlaricha, Oʻzbekiston paxta dalalarining aksariyat qismida majburiy mehnatga batamom barham berilgan, – deydi XMTning Oʻzbekistondagi loyihasi maslahatchisi Nodira Maqsudova. – 2018 yilda paxta terimiga jalb etilganlarning 93 foizi ixtiyoriy ravishda mehnat qilgan. Talaba, oʻqituvchi, shifokor va hamshiralar paxtaga mutlaqo jalb etilmagan.
Monitorlarning qayd etishlaricha, faqat ayrim holatlarda davlat tashkilot va idoralari xodimlari hamon paxtaga chaqirilib, terimda ishtirok etayotganligi kuzatilgan.
– 2018 yil Oʻzbekiston uchun koʻpgina yoʻnalishlarda sinov boʻldi, – deydi XMTning Ish joylarida fundamental tamoyillar va huquqlar byurosi boshligʻi Beate Andreyes. – Bir yil oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib, hukumat XMT va Jahon banki bilan birgalikda paxta terimida bolalar va majburiy mehnatga barham berish haqida majburiyat olishini taʼkidlab oʻtgan edi. Ushbu siyosiy majburiyatni roʻyobga chiqarish maqsadida bir qator tuzilmaviy oʻzgarishlar roʻy berdi va ishchi kuchi yollash borasida islohotlar amalga oshirildi. XMT monitorlari ushbu chora-tadbirlar oʻz samarasini berganini va odamlar joylarda buni haqiqatda his etayotganini taʼkidladilar.
Oʻzbekistonda odamlarni paxta terimiga jalb etish – dunyodagi eng yirik ishga yollash amaliyoti boʻlib, unda qariyb 2,6 million kishi mavsumiy terim ishlariga jalb etiladi. Garchi soʻnggi yillarda paxta ekin maydonlari qisqartirilgan boʻlsa-da, ushbu ekin hamon mahalliy aholi uchun, ayniqsa qishloq ayollari uchun muhim qoʻshimcha daromad manbai boʻlib xizmat qilib kelmoqda.
XMT Oʻzbekiston hukumati, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari bilan erishilgan kelishuvga binoan paxta terimida bolalar mehnatini 2013 yildan buyon monitoring qilib kelmoqda. 2015 yildan boshlab esa Jahon banki bilan kelishuvga asosan XMT terim davomida majburiy mehnat va bolalar mehnat monitoringini amalga oshirmoqda.
Joylardagi holatni xolisona oʻrganish maqsadida XMT ekspertlari tomonidan hamrohlarsiz va oldindan eʼlon qilinmagan holda terimchilar va terimga jalb etilgan boshqa shaxslar bilan 11 ming marta suhbat uyushtirgan. Bu yildan boshlab esa bu jarayonda mahalliy inson huquqlari faollari ham qatnashgan.
Monitoringda birorta davlat idoralari vakillari qatnashmagan. Samaradorlikni yanada oshirish maqsadida dalalarning GPS koordinatalari tavakkal ravishda tanlab olinib, XMT ekspertlariga safarga chiqishdan bir oz muddat oldin berildi.
2018 yilda paxta dalalaridagi terimchilarning aksariyat qismi ixtiyoriy ravishda chiqishgan boʻlsa, terimda ishtirok etgan baʼzi davlat tashkilotlari vakillari terimga chiqishni istamaganlarini, ammo ish joyida muammo kelib chiqmasligi uchun dalaga chiqqanliklarini bildirdilar.
Boshqa guruh terimchilari esa terim uchun toʻlov miqdorining ancha yaxshilangani va qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi mukofotlar berilishini eshitib dalaga chiqqanligini maʼlum qilgan.
2018 yilda hukumat ishonch telefonlari orqali 2,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Koʻp hollarda mehnat huquqlari buzilishida aybdor, deb topilgan mansabdor shaxslar, hokimlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan intizomiy va maʼmuriy choralar koʻrildi. Bunday choralar ishdan ozod etish, hayfsan va jarimalardan iborat boʻldi.
XMT Oʻzbekiston bilan birgalikda “Mamlakat munosib mehnat kompleks dasturi”ni 2014 yildan buyon amalga oshirib kelmoqda. Paxta yetishtirish sohasi bilan bir qatorda, ushbu dastur doirasida bandlik va yollash siyosati, mehnat inspeksiyalari va boshqaruvi, mehnat huquqi, mehnat muhofazasi, ijtimoiy muloqot hamda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar uyushmalari salohiyatini kuchaytirish masalalari qamrab olingan.
N.Abduraimova, OʻzA