Fargʻonada Latviya Oliy maktabi ochildi

Fargʻona shahrida Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi filiali ish boshladi.
Mamlakatimizda turizm tarmogʻi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur filial davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 sentyabrdagi “Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Fargʻona shahridagi filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etildi. Fargʻona davlat universitetida ish boshlagan filialda olti yoʻnalishda bakalavr va ikki mutaxassislikda magistrlar tayyorlanadi.
– Filialga joriy oʻquv yilida 125 nafar talaba qabul qilinmoqda, – deydi filial ijrochi direktori Sevara Toʻraqulova. – Talabalar turizmda tadbirkorlik faoliyati va uni boshqarish, mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish, restoran xoʻjaligida tadbirkorlik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim oladi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini eʼtiborga olgan holda, Oliy maktab tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va dasturlar boʻyicha asosan ingliz tilida amalga oshiriladi. Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib yurtimizda turizm tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash, turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish va boshqalar belgilangan.
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi filialida oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish, kutubxona fondini zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan taʼminlash borasida ham aniq tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Filial ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

 

M.Sulaymonov, OʻzA