Axborot va kiberxavfsizlik muammolariga bagʻishlangan anjuman

Poytaxtimizda “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida axborot va kiberxavfsizlik muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
1.jpg
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Vazirlik huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining AKT boʻyicha masʼul rahbarlari, axborot xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlari, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi mutaxassislari, tegishli vazirlik va tashkilot vakillari, sohada faoliyat yurituvchi koʻplab ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talabalar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
3.jpg
Shu bilan birga konferensiyada oʻz mahsulotlari bilan chet el kompaniyalari, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi va Isroil davlatidan yetuk mutaxassislarning qatnashishi alohida eʼtiborga molik.
Konferensiya mamlakatimiz va dunyo miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, mazkur yoʻnalishning oʻta dolzarbligi inobatga olinib, axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish, kelgusida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar xususida oʻzaro fikr almashish koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda yurtimizda axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, axborot xavfsizligi sohasida ishlab chiqilayotgan va takomillashtirilayotgan qonunlar va qonunosti hujjatlari bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda ushbu jarayonda shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalari mamlakatning ustuvor strategik va umummilliy vazifasi hisoblanib, davlat va jamiyat tomonidan oʻzaro mushtarak, birgalikda saʼy-harakatlarni amalga oshirilishini talab etadi. Vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlar, biznes tuzilmalarining axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash, mamlakatimizning milliy manfaatlariga xizmat qilish demakdir. Bu, ayniqsa, milliy xavfsizlikka tahdidlar axborot makoni va muhiti orqali amalga oshirilayotgan bir pallada yanada yaqqol namoyon boʻladi.
Konferensiya doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot xavfsizligi holati, kiberxavfsizlik masalalari, axborot tizimlari va resurslarini axborot xavfsizligi hodisalari boʻyicha monitoringi va serverlarda oʻrnatilgan dasturiy taʼminotlardagi zaifliklar toʻgʻrisida avtomatik ogohlantirish tizimi kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlik muammolari va ularning yechimlari haqida milliy va chet el kompaniyalari mutaxassislari oʻzlari tomonidan ishlab chiqilgan va tatbiq etilayotgan yechimlar haqida toʻxtalib oʻtadi.
Axborot xavfsizligi va jamoat
tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi
Axborot xizmati

 

O’zA