“Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi tashkil etiladi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyasi tugatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 noyabrda “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat axborot sohasida yagona davlat siyosati roʻyobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya hamda mazkur vazirlikning Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.
Umumiy shtat birligi 198 nafar, shu jumladan, hududiy boʻlinmalarda – 110 nafar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi davlat unitar korxonasi shaklida Texnik koʻmaklashish markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazining boʻshayotgan 135 nafar shtat birligi Markazga oʻtkaziladi.
Davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyaning huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilandi.

 

OʻzA