Buxoroda 16-17 noyabr kunlari “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Venetsiya komissiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar boʻyicha departamentning saylovlar oʻtkazishga koʻmaklashish boʻlimi, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi va boshqa xalqaro institutlar, Rossiya, Qirgʻiziston, Ruminiya kabi davlatlar saylov organlari vakillari, shuningdek, mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar vakillari, huquqshunoslar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Anjuman xalqaro ekspertlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini muhokama qilish, shuningdek, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga erishishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
– Tadbirda xalqaro mutaxassislar eʼtirof etganidek, Oʻzbekiston saylov qonunchiligi muntazam takomillashib bormoqda, – deydi YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining saylovlar boʻyicha departamenti rahbari Aleksandr Shlik. – Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani ham buning yorqin dalilidir. Dunyoning koʻplab mamlakatlari bunday hujjatni qabul qilmagan. Negaki, kodeks ustida ishlash jiddiy yondashuv va katta mehnat talab etadi. Oʻzbekiston saylov kodeksini yaratishga dadil kirishdi. Xalqaro va xorijiy mutaxassislar uning loyihasini koʻrib chiqdi. Bu hujjat muhokamasi davomida uni tayyorlagan ishchi guruhga hozirgacha 500 dan ortiq taklif kelib tushgani xalqingiz soha qonunchiligini takomillashtirishga daxldorlik tuygʻusi bilan yondashayotganini koʻrsatadi. Kodeks yurtingiz huquq makonida bamisli bir nihol. Uning istiqboliga umid katta. Oʻylashimcha, kodeks turli tavsiyalar inobatga olingan holda qabul qilinadi va kelgusida mamlakatingizda tashkil etiladigan saylovlarning oshkoralik, tenglik, shaffoflik kabi demokratik tamoyillar asosida oʻtishiga xizmat qiladi.
Ekspertlar kodeks loyihasining milliy qonunchilikdagi ahamiyati, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, partiyalararo sogʻlom raqobat, huquqni qoʻllash amaliyoti, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalari haqida ham oʻz nuqtai nazarini bildirdi.
– Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan saylovlarda 2007-yildan buyon xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelaman, – deydi Xalqaro saylov tizimini oʻrganish markazi prezidenti Aleksandr Sinker. – Shuni aytishim joizki, Oʻzbekiston rahbariyati har bir siyosiy tadbirdan soʻng xalqaro kuzatuvchilar missiyasining rasmiy maslahat va mulohazalariga hozirjavoblik bilan eʼtibor qaratib keladi. Xususan, keyingi saylovlar yakuni boʻyicha ular tomonidan saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va yuritish saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishning muhim yoʻnalishlaridan biri ekani tavsiya qilingan edi. Bu norma Saylov kodeksi loyihasida mustahkamlab qoʻyilgani muhim ahamiyatga ega. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati amal qilishi nafaqat texnologik jihat, balki saylov tizimini boshqarish jarayoni samaradorligini oshirish imkonini beradi. Bu esa saylovchilarning siyosiy tadbirda yanada faol ishtirokini taʼminlaydi, aholining oʻtkazilgan saylov natijalariga ishonchini yuqori darajada oshirib, saylangan hokimiyat qonuniyligini mustahkamlaydi.
Ochiqlik va koʻtarinkilik ruhida oʻtgan xalqaro konferensiyadan soʻng xorijlik ishtirokchilar qadimiy Buxoro shahrining tarixiy-meʼmoriy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi.