Mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan I xalqaro turizm investitsiya forumi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi Ulugʻbek Qosimxoʻjayev Hindiston, Xitoy, Singapur, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga tegishli yirik investitsiya kompaniyalari Oʻzbekistonda turli tipdagi sayyohlik infratuzilmalarni barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalarini ishlab chiqishga qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
Uning taʼkidlashicha, oʻtkaziladigan forum mahalliy va xorijiy investorlar uchun muloqot, muzokara, kelishuvlar platformasi boʻladi.
“Mazkur forumni oʻtkazish chora-tadbirlari boʻyicha hukumat qarori qabul qilindi. Oʻzbekiston tajribasida bunaqasi boʻlmagan. Endilikda ushbu hujjat asosida investorlarga elektron savdolarsiz turistik infratuzilmani barpo etish uchun yer maydonini ajratish imkoniyati tugʻildi“, dedi Ulugʻbek Qosimxoʻjayev.
Uning maʼlum qilishicha, endilikda qoʻmita tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda sayyohlik sohasiga oid investitsiya loyihalar monitoringini olib boradi. Bundan maqsad loyihalar ijrosini nazorat qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni mahalliy hokimliklar koʻmagida bartaraf etishdir.
“Misol uchun investor oʻz loyihasini amalga oshirmoqchi boʻlgan hudud infratuzilmalari talab darajasida boʻlmasligi mumkin. Yana gaz, elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar. Sarmoyador duch kelgan bu muammolarni yechish uchun birinchi navbatda kimga murojaat qilgan boʻlardi? Albatta mahalliy hokimlikka. Bizning maqsadimiz ham shu. Forum koʻmagida investorlarga ishonchli mahalliy hamkorlarni topib berish“, dedi u.
Maʼlumot oʻrnida, yurtimizda joriy yilning 19-21 noyabr kunlari ilk bor oʻtkaziladigan I xalqaro turizm investitsion forumining tashkilotchilari tashqi ishlar, tashqi savdo vazirliklari, turizmni rivojlantirish, investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitalari, savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hisoblanadi.
Forum doirasida sayyohlik infratuzilmalari boʻyicha 500 dan ziyod loyihalar taqdimoti, B2B uchrashuvlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, forum natijalari boʻyicha investorlar, vazirliklar, idoralar va hokimiyatlar oʻrtasida shartnomalar, hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilmoqda.