Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida “Markaziy Osiyoda Buyuk ipak yoʻlining yoʻlaklari. Turizm rivojining zamonaviy bosqichlari” mavzuida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nur maxsus diplom bilan taqdirlandi.
– Yurtimizda turizmning rivojlanishi uchun jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, bu borada 40 dan ortiq hujjat qabul qilingan, – dedi Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nur. – Birgina shu raqamning oʻzi bu sohaga eʼtibor qay darajada ekanini anglatadi. Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida sayyohlikning keng yoʻlga qoʻyilishi qadimdan qardosh sanalgan xalqalarimiz uchun muhim boʻlib qolaveradi. Sayyohlik tizimi rivoj topsa, sanʼat ahlining ham ishi yurishadi. Ayniqsa, moʻyqalam ustalari ijodi ravnaqida bu omil betakror ahamiyatga ega. Eng asosiysi, sanʼat asarlarining targʻiboti ham oʻz-oʻzidan yaxshilanadi. Rassomning yurak qoʻridan quvvat olgan rang-tasvirlarga qiziquvchilar mamlakatdan tashqarida ham paydo boʻladi. Koʻryapsizmi, bitta yaxshi sanʼat asarida ming-minglab sayyohlarni mamlakatga jalb etuvchi qudrat namoyondir. Bunday sehrli qudratdan unumli foydalanish kerak.
Gʻ.Shirinov, T.Mamadaminov (surat), OʻzA