Shavkat Mirziyoyev: “Endi hisobot, statistika bilan emas, odamlarning kayfiyati bilan yashash kerak”

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrining “Qumbuz ovul” mahalla fuqarolar yigʻinida barpo etilgan koʻp qavatli uylar, uylarning birinchi qavatida joylashgan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi va oilaviy poliklinika bilan tanishdi.

Prezidentimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasiga avvalgi tashrifi chogʻida Nukus shahrida ijtimoiy obyektlar, uy-joylar qurilishi loyihalari bilan tanishib, Koreya tajribasi asosida bolalar bogʻchasi, oilaviy poliklinikani koʻp qavatli uylarning birinchi qavatida joylashtirish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Shu asosda shaharning Abdambetov koʻchasida ana shunday loyihadagi 5 qavatli 10 ta arzon uy qurildi. Ushbu uylardan ikkitasining birinchi qavatida “Navshe” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etildi.

16-uyning birinchi qavatida davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan 50 oʻrinli “Navshe” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida shu yerda yashovchi aholi farzandlari tarbiyalanadi. Bogʻcha ertalab soat 8.00 dan 18.30 gacha ishlaydi. Bu ota-onalarga katta qulaylik yaratadi.

Muassasa bolalar ongini oʻstirishga koʻmaklashuvchi turli oʻyinchoqlar, metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlangan. Ingliz tili, rus tili, shaxmat-shashka toʻgaraklari tashkil etilgan. Bogʻcha ishga tushgach, 10 kishi ish bilan taʼminlandi.

Prezidentimiz maktabgacha taʼlim muassasasidagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Bogʻchalarning koʻp qavatli uyning shundoq oʻzida joylashgani odamlarga farzandi koʻz oldida, xavfsiz boʻlishini, bundan maqsad avvalo aholiga qulaylik yaratish ekanini alohida taʼkidladi.

8-oilaviy poliklinika avval Nukus shahrining 26-kichik tumanidagi moslashtirilmagan binoda joylashgan boʻlib, sharoiti ogʻir, tibbiy xizmat koʻrsatish uchun yetarli imkoniyat yoʻq edi. Aholiga tor soha mutaxassislariga koʻrinish uchun koʻp tarmoqli poliklinikalarga borishga majbur edi.

10-uyning birinchi qavatida barpo etilgan 8-oilaviy poliklinika hududdagi 8 ta mahallaning 46 mingdan aholisiga xizmat koʻrsatadi. 250 qatnovga moʻljallangan muassasada sifatli tibbiy xizmat uchun barcha sharoit yaratilgan, raqamli rentgen apparati, UTT, EKG, biokimyo analizatori kabi zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan.

Poliklinikaning oʻzida ijtimoiy dorixona mavjud, u 500 dan ortiq, jumladan, 55 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar bilan taʼminlangan. Dorilar oʻzgarmaydigan narxlarda, arzon sotiladi. Muassasada mijozlarning shifokor qabuliga elektron navbatga yozilish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Odamlar uyda oʻtirib, onlayn tarzda navbatga yozilish va belgilangan vaqtda shifokor qabuliga kelishi mumkin.

Poliklinikada jarroh, ginekolog, oftalmolog, otolaringolog, stomatolog, pediatr, terapevt kabi tor soha mutaxassislari faoliyat koʻrsatadi. Qizlar salomatligi xonasida oʻsmir yoshdagi qizlarni turmushga tayyorlash boʻyicha zarur maslahatlar beriladi.

dcc8c807-122b-1b01-7013-7a4c71d534a5.jpg

Poliklinikaning ish vaqti soat 8.00 dan 20.00 gacha. Aholi shu vaqtda umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralar nazoratida boʻladi, 20.00 dan soʻng tez yordam shoxobchasi xizmat koʻrsatadi. Yaʼni, uzluksiz tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

Prezidentimiz shifokorlar bilan suhbatda tibbiyotga munosabat oʻzgarganini, soha vakillari aholi salomatligini mustahkamlash, patronaj xizmatini manzilli yoʻlga qoʻyishi kerakligini taʼkidladi.

Orolboʻyida ekologiya ogʻir. Biz Qoraqalpogʻiston misolida tibbiyotni namuna qilmoqchimiz. Bundan avvalo odamlar rozi boʻlishi kerak. Qachon rozi boʻladi? Sogʻligi mustahkam boʻlsa umri uzayadi, kayfiyati yaxshi boʻladi. Endi hisobot bilan emas, statistika bilan emas odamlarning kayfiyati bilan yashashlaring kerak. Bu yerda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit bor, endi masʼuliyat shifokorlarning oʻzida qoldi. Bugun hamma sohada talab oʻsdi. Tibbiyot xodimlari zimmasidagi vazifa hozirgi oʻzgarishlarni hayotga joriy qilish, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz shu yerda Abdambetov koʻchasida qurilayotgan koʻp qavatli arzon uylar, “Nukus city” shaharchasi qurilishi loyihalari bilan ham tanishdi.

7fdee2ff-e9a2-6dcb-e930-fd88467fa997.jpg

01231c28-5dc8-3a3b-a3c1-13fb73dbb691.jpg
b4313d49-3b8a-fdd3-b635-00bf0dd4c1c6.jpg
3294213a-6e6b-ea44-c5e0-ac843ed2d470.jpg
75688baf-0e6b-d630-7361-acb166eaea46.jpg
a08b9423-16a4-ceed-caf2-fc0bee00ce36.jpg
463e53fd-3c0f-48c7-f6f5-68ae6978c933.jpg
6580ba1d-8479-a6b3-6bae-a3183efa48aa.jpg
77e59884-eeb9-a691-ee8a-5376975e3d39.jpg

 

Matnazar Elmurodov, Umar Asrorov, OʻzA