Saylov qonunchiligi mavzusida Buxoroda xalqaro anjuman boshlandi

Buxoroda 16 noyabr kuni “Saylov qonunchiligi, demokratik saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Venetsian komissiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar boʻyicha departamentning saylovlar oʻtkazishga koʻmaklashish boʻlimi, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi va boshqa shu kabi xalqaro institutlar, Rossiya, Qirgʻiziston, Ruminiya kabi davlatlar saylov organlari vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqiy soha ilmiy jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad xalqaro ekspertlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini muhokama qilish, shuningdek, saylov jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga erishishdan iborat.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda milliy saylov qonunchiligining huquqiy asoslari mustahkamlanib bormoqda. Jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining ham sohaga tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan oʻzaro muvofiqligining taʼminlanayotgani bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga chiqarish imkonini beradi.
Konferensiyaning birinchi kunida saylov qonunchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasida huquqni qoʻllash amaliyoti masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi milliy saylov tizimini modernizatsiya qilish, bunda BMTning saylovlarga nisbatan yondashuv amaliyotidan foydalanish amaliyoti kabi mavzularga oid maʼruzalar tinglandi.

 

Erkin Yodgorov, OʻzA