Davlatimiz rahbari Qanlikoʻl tumaniga tashrif buyurib, yangidan barpo etilgan “Kanteks invest” toʻqimachilik korxonasi ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2017-yil yanvar va dekabr oylarida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashriflari chogʻida Qanlikoʻl tumanida 10 million yevro investitsiya mablagʻlari hisobiga yirik toʻqimachilik korxonasini tashkil etish va unda yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida korxona uchun 10 gektar yer ajratilib, bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Korxonani barpo etish yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda tajribali boʻlgan “Kanteks invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Loyihaga 23 million yevro investitsiya kiritilib, yaydoq yerda zamonaviy toʻqimachilik fabrikasi qad rostladi.
Loyiha qiymati 38,7 million AQSH dollari boʻlgan korxonani kelasi yilning birinchi choragida ishga tushirish moʻljallangan. Bu yerda dastlabki bosqichda yiliga 11 ming tonna jahon talablariga mos sifatli ip-kalava ishlab chiqariladi. 2020-yilda roʻyobga chiqariladigan navbatdagi bosqichda toʻqimachilik matosi tayyorlash, 2021 yilda amalga oshiriladigan soʻnggi bosqichda boʻyash va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 25 million AQSH dollaridan ziyod miqdordagi mahsulotni eksport qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish binosi, toʻqimachilik dastgohlarini koʻzdan kechirdi, taʼsischilar bilan suhbatlashdi.
650 ga yaqin mahalliy aholi ish bilan taʼminlanadigan fabrika uchun bugungi kunda ishchilar tanlab olinib, shu yerning oʻzida tashkil qilingan oʻquv markazida oʻqitilmoqda, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlaridagi korxonalarda bilim va malakasi oshirilmoqda.
Prezidentimiz bunday zamonaviy korxonalar chekka tuman aholisi bandligini taʼminlash va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shu yerda Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi. Shavkat Mirziyoyev paxta-toʻqimachilik, qizilmiya ekstraktidan dori vositalari va qandolat mahsulotlari tayyorlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, uzumchilikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, xorijiy davlatlardan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishni koʻpaytirish evaziga istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, respublikaning eksport salohiyatini yuksaltirish yuzasidan mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berdi.