dc94e550-4904-462f-8935-08def296419e.jpgOʻzbekiston Hukumati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlar strategik istiqbolda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aniqlanayotgan va butun xalqimiz tomonidan oshkora muhokama etilayotgan muammolarning chuqurligi ularni tezlik bilan bartaraf etish uchun barcha mavjud imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi. Shubhasiz, strategik boshqaruvning ilmiy asoslangan vositalarisiz oldimizga qoʻyilgan maqsadlarni roʻyobga chiqarishning imkoni yoʻq.
Muvaffaqiyatli zamonaviy davlatning izchil rivojlanishini jamiyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha chuqur oʻylangan strategiyasiz tasavvur qilish mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilgani bejiz emas. Ijrosi besh bosqichga boʻlingan respublikamiz uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi ushbu hujjat loyihasi milliy qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyoti va ilgʻor xorijiy tajriba tahlili asosida ishlab chiqilgan.
Strategiya davlat boshqaruvini har tomonlama isloh qilish, jamiyat qurilishini takomillashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, pirovardida, mamlakatimizni tubdan modernizatsiya qilishga qaratilgan. Strategik boshqaruvning ilmiy asoslari – bugungi kunda iqtisod fanlarining muhim sohalaridan biridir. Chunki tarmoq va korporativ darajada, hududlar va yirik megapolislarda rivojlangan mamlakatlarning davlat boshqaruviga doir tajribasini umumlashtiradi va tartibga soladi.
Bu borada yaqinda mamlakatimizda chop etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi Vladimir Kvintning “Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti” nomli kitobi muhim ahamiyatga ega. Xalqaro doiralarda mashhur boʻlgan rossiyalik olim ushbu amaliy va uslubiy ishida strategiyalarni shakllantirish mexanizmlari va har qanday spetsifika va miqyosdagi muhim boshqaruv yechimlarini ishlab chiqish usullari haqida fikrlarini bayon qiladi. Olimning fikricha, uning kitobi “Daydjest – strategiyalashning uzoq jarayonlari boʻyicha navigator” hisoblanadi. Uning soʻzlarini kitobda oʻz aksini topgan strategiya toifalari, missiya, strateg shaxsiyati, vazifalarning resurs taʼminoti tahlili qoidalari, strategik ssenariyni tanlash va uning taktika bilan birikishi kabi tushunchalar ham tasdiqlaydi.
Aslida, muallif davlatga katta foyda keltirgan holda, raqobat, texnologik, iqtisodiy va hatto siyosiy afzalliklardan samarali foydalanish boʻyicha koʻp yillik tajribasi bilan oʻrtoqlashadi. Bu novatorlik kitobi strategiya tushunchasi, strategiya nazariyasining falsafiy ildizlarini oʻrgangan holda aynan strategiya iqtisodiy oʻsish hamda hayot sifatining asosi ekanligi haqida tasavvur hosil qiladi.
Shuningdek, ilmiy ish muallif, akademik Vladimir Lvovich Kvintning koʻp yillik tadqiqotlari mevasidir. Ushbu kitobning oʻziga xosligi u korporatsiyalar, mintaqalar, mamlakatlar va hattoki harbiy tuzilmalar uchun strategiya yaratishga doir eksklyuziv amaliy tajriba asosida yozilganida.
Kitobning mohiyati muallifning strategik boshqaruv nazariyasi va amaliyotini xalqaro darajada rivojlantirishdagi roli haqida dalolat beruvchi faktlar bilan belgilanadi. Muallif nafaqat amaliy tavsiyalarni ishlab chiqqan, balki modernizatsiya va isloh qilish boʻyicha keng miqyosli loyihalarning bevosita rahbari ham hisoblangan. Strategning boy professional tajribasi va zakovati AQSH va Buyuk Britaniyada chop etilgan “Global Emerging Market: Strateg Menegment Economics” i “Strategy for the Global Market: Theory and Practical Applications” singari fundamental ishlarida ham oʻz aksini topgan. Muallif, shuningdek, “Ekonomika v promыshlennosti” (“Sanoatda iqtisodiyot”) jurnali muharriri, Rossiya hamda uning tashqarisida yetakchi jurnallar tahrir hayʼati aʼzosi hisoblanadi.
Muallifning fanga sadoqati uning ilmiy-taʼlim faoliyatida ham namoyon boʻladi.
Akademik V.Kvint ilmiy yoʻnalish va maktablarga boshchilik qiladi, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti dissertatsiya kengashlari raisi hisoblanadi. Muallif bilimini Rossiya, AQSH, Yevropa va MDH universitetlari talabalarining yangi avlodi bilan bajonidil boʻlishmoqda.
Muallifning strategik boshqaruvning fundamental asoslarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilib, u dunyoning yetakchi universitetlarining faxriy ilmiy unvonlariga sazovor boʻldi. Akademik V.Kvint “Doʻstlik” va “Sharaf” ordeni, N.Kondratyev Oltin medali, Fulbrayt mukofoti, shuningdek, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Sloveniya, AQSH, Turkiya, Ukrainaning ilmiy va davlat mukofotlari bilan taqdirlangani muallifning ilmiy xizmatlari global eʼtirof qozonganidan yaqqol dalolat beradi.
Kitobda, shuningdek, strategik tafakkurning oʻn beshta qoidasi ham oʻz aksini topgan boʻlib, ularning aksariyati keng tarqalgan va foydalanilayotgan tamoyillar uchun novatorlik qoidalari hisoblanadi. Misol uchun, “Strategiyada sogʻlom idrokka tayanib boʻlmaydi (aksar hollarda)” deb nomlanuvchi birinchi tamoyil avval taajjublantirsa-da, biroq muallif taʼrifini oʻrganish asnosida bu tamoyilni chuqur anglab yetish mumkin. Darhaqiqat, sogʻlom idrok voqelikni bir lahzaga idrok qilishga asoslanib, bu prognozlash, oldindan koʻra bilish va strategik jihatdan uzoqni koʻzlashga mutlaqo zid. Strategiya har birimizga aniq va ravshan boʻlgan narsalarga ancha uzoq va chuqurroq singishi kerak. Shuningdek, u chuqur maʼnosi va har biri batafsil oʻrganish va muhimi amaliyotda foydalanish uchun anglab yetishni talab etuvchi boshqa qoidalar bilan ajralib turadi.
“Strategiya tizimi va qonunlari” boʻlimida muallif yaxlit milliy strategiya konsepsiyasini ochib beradi. Umuman olganda, strategiyani fundamental fan sifatida oʻrganar ekan, muallif uning asosiy qonunlari, tamoyil va toifalari faqatgina shakllanib borishini qayd etadi. Bunda ilmiy nuqtai nazardan muallifning siyosat, strategiya va taktika strategik rahbarlik va boshqaruvning oʻzaro bogʻliq aspektlari hisoblangan uch mustaqil toifani ifodalashi haqidagi fikri alohida eʼtiborga loyiq. Siyosat esa strategiya va taktikaning yaxlit samarali faoliyat yurituvchi tizimiga agregatsiya va integratsiyasini ifodalaydi.
Strategiyani ishlab chiqish mexanizmini ochib berar ekan, muallif prognozlash, strategiyalash va rejalashtirish jarayonlari oʻxshashligi haqidagi keng tarqalgan fikrni rad etadi. Har bir iqtisodiy toifani ichki xususiyatlari boʻyicha mutlaqo farq qiluvchi yakuniy natijaga olib keluvchi oʻziga xos professional faoliyat sifatida asoslab beradi.
Strategiyani ishlab chiqish bosqichlari – ichki va tashqi muhitni oʻrganish va prognozlash ham eʼtiborga molik. Taqdim etilgan umumiy sxema Oʻzbekiston mintaqalari sanoat tarmoqlari va umuman olganda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish uchun uslubiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilishi mumkin.
“Strategiyani amalga oshirish” boʻlimida tavakkalchilikning minimal darajasi va kutilgan natijalari, tavakkalchilikning oʻrta darajasi va imkon boricha yoʻl qoʻyiladigan meʼyorini hisobga olgan holda har bir strategik ssenariy uchun taktika ishlab chiqish jarayoniga taʼrif beriladi. Shu tariqa muallif tashqi va ichki muhit omillaridan kelib chiqib strategiyalash taktikani oʻzgartirishning moslashuvchan jarayonini ifoda etishini koʻzda tutadi va uni konstanta yoki dogma sifatida emas, balki unsurlarga joriy va tezkor planda taʼrif beriluvchi yaxlit hujjat sifatida talqin etadi. Umuman olganda, muallif strategik ssenariy, taktika va siyosatni tanlash imkoni mavjudligini qayd etadi.
Chet el investitsiyalarini jalb qilish, yirik transmilliy korporatsiyalar bozoriga kirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirini shakllantirish jarayoniga jalb qilish Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun dolzarb masala ekanini hisobga olgan holda, kitobning korporatsiyalar yangi bozorlarga kirib borishi haqidagi boʻlimini oʻrganish alohida eʼtibor talab etadi. Ushbu boʻlim korporatsiyalarning yangi bozorlardagi manfaatlari va strategiyasi mohiyatini ochib beradi. Bu potensial ravishda mahalliy bozor ham boʻlishi mumkin.
Ularning manfaatlari va istaklarini anglab yetish koʻp jihatdan sarmoyaviy muhitni rivojlantirish yoki tarmoq sarmoya dasturlari va hatto muayyan sarmoya loyihalarini shakllantirish masalalaridan amaliyotda oqilona foydalanishga xizmat qilishi mumkin.
Strategik rahbarlik va boshqaruv funksiyalariga doir asosiy qoidalardan mahalliy korxonalar korporativ boshqaruvi va hatto davlat boshqaruvi va strategik rivojlanish dasturlari ijrosini monitoring qilish tizimini rivojlantirish tizimida ham foydalanish mumkin.
Kitobda strategiyalashni strategik tafakkurning uchta yondashuvi – yangi ufqlar strategiyasi (uzoq muddatli fikrlash), yaxshilash strategiyasi (tizimli va funksional tahlil) va muvofiqlashtirish strategiyasi (inqilobiy innovatsion gʻoya va texnologiyalarni foydalanilayotgan operatsion tizimlardan joriy samaradorlik va daromad olish hamda ulardan foydalanish bilan parallel ravishda joriy etish xamda oʻzlashtirish) kesimida koʻrib chiqish taklif etiladi. Strategik boshqaruv nazariyasining fundamental asoslarini tasniflagan holda muallif yaxlit milliy strategiyaning konseptual asosini qurish uchun zamin yaratgan tamoyillar va qonunlar tizimiga taʼrif beradi. Strategik boshqaruvda prognozlash va rejalashtirishning zamonaviy konsepsiyalari mohiyatini tahlil qilar ekan, muallif firmadan globalgacha boʻlgan turli bosqichlarda boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqishning optimal algoritmi asosini tashkil qiluvchi xulosalarni ifodalaydi.
Kitobda oʻzgarish va islohotlar muvaffaqiyatining hal qiluvchi omili sifatida strategik boshqaruv taktikasini ishlab chiqishga katta eʼtibor qaratiladi. Maqsadli dasturlar, loyihalar va strategiyalashning texnologik platformalari asosida shakllanuvchi yoʻl xaritalari eng samarali vositalar sifatida izohlanadi. Strategiyalash amaliyotidagi algoritm va vositalar strategik dasturilamal va boshqaruv funksiyalari aniq va toʻgʻri taqsimlanganda hamda meʼyoriy-huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgandagina samarali boʻladi. Muallifning menejerlar, mutaxassis va rahbarlarning strategik fikrlashini faollashtirishga qaratilgan individual motivatsion tizimlarni ishlab chiqish zarurligi haqidagi fikriga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq. Kitobning alohida boʻlimida strategga shaxs va professional sifatida taʼrif berilgan. Olimning fikricha, strateglar yangi istiqbollar topish va istiqbolli yangi ssenariylar tuzish yoʻlida izlanadi. Strateglar global qonuniyatlar haqida aniq tasavvurga ega boʻlishi, strategiyalash obyektining chinakam qadriyat va manfaatlarini aniqlashi kerak.
Ekspertlar fikricha, V.Kvintning kitobi mohiyati Raqobatbardoshlik toʻgʻrisidagi global hisobot haqidagi Butunjahon iqtisodiy forumi maʼruzasida oʻz tasdigʻini topgani bilan mutaxassislar eʼtiborini jalb qilmoqda. Ushbu hujjatda strategiya xalqaro pozitsiyalar va davlatlarni rivojlantirish sektorlarini shakllantirish va mustahkamlashning muhim manbalaridan biri sifatida talqin etiladi. Aynan shuning uchun ham V.Kvint tomonidan “Strategik boshqaruv tizimlari konsepsiyasi” va “Strategik rahbarlik va boshqaruv funksiyalari” boʻlimlarida keltirilgan strategiyalash metodologiyasi, rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyoti xususidagi xulosalari kitobdan faoliyati uchun zarur keng koʻlamli manbalar oluvchi soha mutaxassislari oʻrtasida, ayniqsa, shuhrat qozongan.
Olimning kitobi biz uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur oʻylangan jadal rivojlanish strategiyasiga “ichkaridan”, yaʼni botiniy nazar solish imkonini beradi. Pirovardida, barcha darajadagi mutaxassis va rahbarlar tomonidan xalqimiz farovonligini oshirish, davlatimiz suverenitetini mustahkamlash, uning atrofida “xavfsizlik kamari” barpo etish, mamlakat mavqeini oshirishga qaratilgan oqilona, konstruktiv ichki va tashqi siyosatni taʼminlovchi ichki mexanizmlarni anglab yetish respublikamizni tubdan modernizatsiya qilish tashabbuskori hisoblangan mamlakatimizning asosiy strategi va islohotchisi – Prezidentning rejalarini idrok etish imkonini beradi.
Strategiyalash samaradorligi va strategiyalarning mukammallik omillari haqida fikr yuritar ekan, muallif strategik monitoring va nazorat rolini strategiyalar mazmuni va ularni amalga oshirish jarayonidagi zarur unsurlar sifatida qayd etadi. Xullas, V.Kvintning fikricha, aynan strategiyalashning oqilona metodologiyasi Oʻzbekiston rahbariga mamlakatimizning eng muhim milliy manfaatlarini aniq ifoda etish, raqobat afzalliklaridan foydalanish asnosida mamlakat manfaatlariga erishishga qaratilgan ustuvor jihatlar va ularni detallashtiruvchi maqsadlarni ishlab chiqish imkonini berdi. “Mamlakatning bunday strategiyasini maqsadli dasturlar va loyihalar yordamida izchil amalga oshirish benazir Oʻzbekistonning yanada gullab-yashnashi va taraqqiy etishiga olib keladi”, deb yozadi V.Kvint.
“Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti” kitobi amaliyotchi-olimlar, ijro va oliy boshqaruv boʻgʻini mutaxassislari, strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilishga masʼul boʻlgan rahbarlar uchun juda muhim nashr boʻlishi shubhasiz.
Vladimir Kvint strategik boshqaruv sohasida tahliliy, amaliy, ilmiy va oʻqituvchilik faoliyatida katta tajribaga ega, u strategik rejalashtirish boʻyicha dunyo miqyosida tan olingan olim. Shuning uchun ham uning asosiy ilmiy xulosa va natijalarni oʻzida mujassam etgan kitobi Oʻzbekiston Respublikasida oʻzbek tilida nashr etilayotgani va undan oʻquvchilarning keng ommasi, jumladan, talaba va oʻqituvchilar, olim va amaliyotchilar foydalanishi mumkinligi nihoyatda quvonarli.
Oʻzbekistonda akademik Vladimir Kvintning “Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti” (Daydjest)» kitobi nashr etilishi mamlakatimiz ilm-fani uchun muhim voqeadir.
S.Mirziyoyeva