Investorlarga yerlar auksionsiz beriladi

Turizm infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investorga aniq investitsiya majburiyatlari ostida yer uchastkalarini elektron auksion oʻtkazmasdan ajratiladi.

2018-yil 19 – 21 noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Qarorga muvofiq, Forumni oʻtkazish doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun, istisno tariqasida, yer uchastkalari ajratilishining alohida tartibi belgilandi.

Bunda:

• turizm infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investorga aniq investitsiya majburiyatlari ostida yer uchastkalarini elektron auksion oʻtkazmasdan ajratish;

• barcha zarur shartlar, shu jumladan, ajratilayotgan yer uchastkasi va investor tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan investitsiya majburiyatlari boʻyicha mahalliy davlat organi rahbari va investor oʻrtasida kelishuvga erishilgan taqdirda loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida investitsiya bitimining imzolanishi;

• investor tomonidan Oʻzbekistonning tijorat banklariga 15 ish kuni mobaynida investitsiya bitimi summasining 25 foizi miqdoridagi mablagʻni deponentga oʻtkazish yoki 5 foizi miqdoridagi majburiyatni bajarish kafolatini (performance bond) berish sharti bilan investitsiya bitimi tuzilishi nazarda tutilgan.

Investor tomonidan pul mablagʻlari depozitga oʻtkazilgan yoki moliyaviy majburiyatlarni bajarish boʻyicha kafolat berilgan kundan eʼtiboran besh kun muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun hokimliklar yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

 

OʻzA