Oʻzbekistonga Google kompaniyasining mutaxassisi keladi

Google kompaniyasining mutaxassisi Eli Kaplan Toshkentga tashrif buyuradi. 
U Google Developers Group (GDG)ning asosiy tadbirlaridan biri boʻlgan GDG-DevFest dasturchilar festivalida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga keladi. Ushbu festival ilk bor Oʻzbekistonda (Toshkentda) boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Festival shu yilning 24 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xalq taʼlimi vazirligining maʼlumotlariga koʻra, tadbir GDG Tashkent guruhi, Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT), Yoshlar ittifoqi, Google kompaniyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
GDG-DevFest festivali Google Developers Group jamoalari tomonidan har yil oʻtkaziladigan global tadbirlardan hisoblanadi. Tadbir doirasida dasturchilar, IT-mutaxassislar va yangi texnologiyalarga befarq boʻlmagan odamlar Google kompaniyasining soʻngi texnologiyalari va ishlanmalari bilan tanishadilar. Ishtirokchilar blokcheyndan foydalanish, mobil ilovalarni yaratish, VR/AR texnologiyalarini biznesga ishlatish va boshqa mavzulardagi muhokamalarda ishtirok etadilar.

 

OʻzA