“Yoʻtal” dorimi yoki “koʻknori”?

Mehmon bojxona nazoratidan oʻtkazilayotganda qoʻl sumkasi ichidagi 2 dona “Sough” nomli qutilar bojxona xodimlarida shubha uygʻotdi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postining piyodalar yoʻlagiga Afgʻon millatiga mansub Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Z.M.A. kirib keldi. Mehmon bojxona nazoratidan oʻtkazilayotganda qoʻl sumkasi ichidagi 2 dona “Sough” nomli qutilar bojxona xodimlarida shubha uygʻotdi.
Ogʻzaki soʻrov jarayonida Z.M.A. ushbu qutilarni oʻzi uchun olgani va ichida yoʻtalga qarshi damlama borligini maʼlum qildi. Sergak bojxona xodimlari qutilarni ochib koʻrganida ayrim giyohlar bilan aralashtirilgan ogʻirligi 86,72 grammni tashkil etuvchi “koʻknori” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Shunday qilib, yurtimizga kirib kelishi mumkin boʻlgan yana bir zahri qotilning yoʻli toʻsildi va Z.M.A. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
– Mamlakatimiz hududiga turli yoʻllar bilan giyohvand moddalarni kiritishni xayol qilgan shaxslar qattiq adashadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar guruhi inspektori Shoxruz Oʻralov. – Masalan, mazkur chegara bojxona postida qoʻshni Afgʻoniston Islom Respublikasidan yurtimizga kirib kelgan yuk poyezdi bojxona nazoratidan oʻtkazilganda “uddaburon”lik qilmoqchi boʻlgan nopok shaxslar siri fosh boʻlib qoldi. Vagon konstruksiyasining xufiya joyiga ustamonlik bilan yashirib olib kirilayotgan 48,4 gramm “Marixuana” giyohvandlik vositasi toʻxtatib qolindi.

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA