Ezgu tashabbuslar haftaligi boshlandi

Yangi tanishuvlar, biznes gʻoyalar, uchrashuv va muloqotlar maydoni… Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida oʻtayotgan Global tadbirkorlik haftaligi ayni jihatlari bilan ahamiyatlidir.
Haftalik ochilish tadbirida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev, tashqi savdo vaziri J.Xoʻjayev, innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori B.Bahrombekov va boshqalar yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, sohaga salohiyatli yoshlarni keng jalb etish, ularning izlanish va ilgʻor gʻoyalarini faol qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Global tadbirkorlik haftaligi dunyoning 160 davlatida oʻtkazilib, mahalliy tadbirkorlik ekotizimini yaratishda, uni yanada rivojlantirishga koʻmaklashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda ikkinchi marta oʻtkazilayotgan bu haftalikdan koʻzlangan asosiy maqsad tajribali biznes vakillari bilan yosh tadbirkorlar hamkorligini shakllantirish, ularni yangi gʻoyalar sari ilhomlantirish, yoshlarning biznes yuritish madaniyatini shakllantirish, jahondagi biznesga oid ilgʻor tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishtirishdan iboratdir. Ayni paytda mazkur haftalik yurtimizda tadbirkorlikni yanada ravnaq toptirishga oid takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
– Ushbu haftalik Oʻzbekiston iqtisodiyoti, ishtirokchilarning tadbirkorlikka oid salohiyatini namoyish etishda muhim rol oʻynaydi. Loyiha doirasida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid muloqot va mashgʻulotlar, mahorat darslarining oʻtkazilishi bunga imkon beradi, – deydi Tadbirkorlar global tarmogʻi vitse-prezidenti Buke Chuxadar xonim.
– Haftalik davomida muvaffaqiyatli biznesga oid muhim masalalar muhokama qilinishi ishtirokchilarning manfaatdorligini taʼminlaydi, – dedi gruziyalik ekspert Georgiy Sxakaya. – Bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar shiddati bilan koʻpchilikning diqqatini oʻziga jalb qilmoqda.
– Oʻzbekistonga beshinchi marta kelishim, – deydi Isroilning “A.R.S Security“ kompaniyasi rahbari Yevgeniy Fuzailov. – Har qanday xorijiy tadbirkor oʻz biznesini chet mamlakatda boshlashidan avval oʻsha yurt bozorini puxta va mukammal oʻrganadi. Kompaniyamiz axborot texnologiyalariga oid himoya va xavfsizlikka yoʻnaltirilgan ishlanmalar bilan shugʻullanadi. Yurtingizda ham mazkur yoʻnalishga oid yangi istiqbollar mavjud. Shu bois Oʻzbekistonga sarmoya yoʻnaltirishni rejalashtirganmiz.
Global tadbirkorlik haftaligi yurtimiz milliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish, chet ellik tadbirkorlarni yurtimizdagi mavjud ishbilarmonlik muhiti bilan tanishtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohitov soʻzga chiqdi.

 

N.Usmonova, OʻzA