Oʻn kunda oʻn olti tonna asal sotildi

Asal bayramiga kelganlarni eng koʻp qiziqtirgan savol “toza asalning sifatini qanday aniqlasa boʻladi?”.
photo5395551433400625861.jpg
Mutaxassislarning biri “buning uchun qadimdan turli usullar qoʻllanilgan. Masalan, asal qoshiqdan uzilmay choʻzilib oqsa yoki olovga tutilganida yonsa, sifatli hisoblangan” desa yana biri ogʻir asal-toza boʻladi, degan fikrni bildiradi.
– Buning yanada osonroq usuli bor, – deydi asalarichi Hamidbek Mahmudov. – Misol uchun, xarid qilishdan oldin bir tomchi asalga kimyoviy qalam surtib koʻrilganda tomchida moviy-binafsha rang paydo boʻlmasa, demak, u haqiqiy asal hisoblanadi. Toza asalning shifobaxsh xususiyatlarini saqlash uchun qalay, temir, tunuka, mis idishlarda emas, balki, rangli va shisha idishlar, shuningdek, ogʻzi mahkam yopiladigan chinni, sopol buyumlarda saqlash lozim. Bundan tashqari, quyosh nuri va isitish moslamalaridan uzoqroqda saqlagan maʼqul.
Asalari oilasini shakllantirish uchun oʻrtacha qancha mablagʻ talab etilishi, undan qancha asal olish mumkin ekaniga qiziqqanlar ham koʻpchilikni tashkil etdi.
Asalarichilarning hisob-kitobiga koʻra, bitta oila uchun oʻrtacha 600 ming soʻm talab etiladi. Jumladan: asalari oilasi va qutisini sotib olish uchun 350 ming soʻm, zaruriy anjom va jihozlarni sotib olish uchun 200 ming soʻm, xomashyo, zaruriy material va dori vositalarini sotib olish uchun 70 mingdan ortiqroq mablagʻ zarur boʻladi. Har bir asalari qutisida oʻrta hisobda 8-10 ta ramka asal boʻladi. Har bir ramkadan oʻrta hisobda 2,5-3 kilogramm asal olish mumkin. Bu degani har bir asalari qutidan yiliga 20-25 kilogramm asal mahsulot yetishtirish demakdir.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Ekobozor” hududida oʻtkazilgan asal yarmarkasi ana shunday qizgʻin oʻtdi.
– Oʻn kunda qariyb oʻn olti tonna asal, bir tonna mum katagi, bir yuz ellik kilogramm gul changi sotildi, – deydi Toshkent shahar asalarichilar uyushmasi raisi Farrux Musayev. – Asalarichilar mahsulotlarining koʻp qismini sotishdi. Xaridorlar ham toza asalni tanlab olish imkoniga ega boʻlishdi. Bu kabi tadbirlarni kelgusida yana tashkil etamiz.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA