Kuz faslida xazon va shox-shabbalarni oʻzboshimchalik bilan yoqish holatlari uchrab turadi. Qurigan shox-shabbalar, barglar, oʻtlar, har xil chiqindilar yoqilganda zaharli va kanserogen moddalar ajralib, havo tarkibini buzadi. Bu turli xildagi allergik, astmatik va oʻsma kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston Ekologik harakati Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi tomonidan tashkil etilgan “Mavsumiy ekologik muammolar va ularning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusidagi tadbirda ana shu holatlar va ularning oldini olish choralari haqida soʻz bordi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 21 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha faoliyatida muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda yurtimizdagi ekologik muvozanatni saqlash uchun xazon hamda shox-shabbalar, chiqindi uyumlarini yoqishga yoʻl qoʻymasdan oʻz vaqtida olib chiqib ketish, aholi salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlarini koʻrishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bir tonna xazon yonganda havoga dioksin, uglevodorodlar, benzopiren kabi 30 kilogramm zaharli modda tarqaladi. Ularning organizmga asta-sekin taʼsir qilishi oqibatida toʻqimalar faoliyati buzilib, saraton kasalligi paydo boʻladi. Bu noxush ekologik vaziyat tufayli kelib chiqadigan kasalliklardan biri – bronxial astma tibbiyotda dolzarb muammolardan biri boʻlib qolmoqda.
Inson salomatligi va tabiiy resurslar mamlakatimiz qonunchiligi bilan muhofaza qilingan. Qonunchiligimizda atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Ekoharakat qoshida faoliyat olib borayotgan “Ishonch telefoni”ga respublikamiz aholisidan muntazam ravishda ekologik muammolar boʻyicha murojaatlar kelib tushmoqda. Taqqoslarga koʻra, bu kabi murojaatlar Toshkent shahrida avvalgi yillarga nisbatan keskin kamaygan. Mutaxassislar fikricha, bu aholining ekologik bilimi va madaniyati oshayotganidan dalolatdir.
Tadbirda mutasaddi davlat organlari tomonidan mazkur ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, targʻibot-tashviqot tadbirlari, huquqiy taʼsir choralari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Davron Sunnatov, OʻzA