Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish kun tartibida tashkiliy masala koʻrildi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga Mahbubov Dilshod Moʻminovich, yoshlar ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga Kirgizbayev Turgʻun Turdaliyevich tasdiqlandi.
Shuningdek, yigʻilishda mahalla fuqarolar yigʻinlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirish, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirish yuzasidan soʻz yuritildi.
Yoshlarni ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularning bandligini taʼminlash, aholining ehtiyojmand qatlami, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, tizimda yagona huquqni qoʻllash boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.