BAA Milliy arxivi bilan oʻzaro tajriba almashiniladi

Shu kunlarda mamlakatimizda Birlashgan Arab Amirliklarining Milliy arxivi rahbari oʻrinbosari Majid Sultan Alixeyri boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻlib turibdi.
Mehmonlar Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarda hujjatlar saqlovi, xavfsizligi va saqlovxonalar holati, tizimda amalga oshirilgan loyihalar hamda hujjatlarning raqamlashtirish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi, deyiladi “Oʻzarxiv” agentligi axborot xizmati bergan xabarda.
Mazkur tashrifning maqsadi sohada ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor tajribalarni almashishdan iboratdir.
Mehmonlarga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan tizimdagi arxiv muassasalarining bugungi kundagi faoliyati, sohani rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan rejalar xususida maʼlumot berildi.
Shundan soʻng mehmonlar poytaxtimizdagi Markaziy davlat arxivlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, Oʻzbekiston Respublikasi Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari va Kinofotofono hujjatlari Markaziy davlat arxivlariga tashrif buyurdi.
BAAlik arxivchi mutaxassislarga Markaziy davlat arxivlari tarixi, asosiy faoliyat yoʻnalishlari, boʻlimlar faoliyati va bugungi kunda arxivlar faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, faoliyatni avtomatlashtirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishda amalga oshirilgan ishlar xususida batafsil maʼlumotlar berdi.

 

OʻzA