YOXUD JORIY YIL 1 MILLION SOʻM QOʻLIGA OLGAN XODIM 2019 YILDAN QANCHA OYLIK OLISHI HAQIDA MUTAXASSIS FIKRLARI

2019 yilda Oʻzbekiston soliq siyosatida tarixiy oʻzgarishlar davri boʻladi. Gap shundaki, Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu konsepsiya doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq siyosatida mutlaqo yangi tizim joriy etiladi.

Tizimda qanday yangiliklar, oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda?

Davlat soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi davlat soliq katta inspektori Akmal Nazarov bu haqda OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Soliq solishning soddalashtirilgan tartiblari davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishga, soliq qonunchiligini soddalashtirish, insofli soliq toʻlovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi A.Nazarov. – Endi bevosita 2019 yil 1 yanvardan soliq tizimida kutilayotgan oʻzgarishlar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, soliq islohotlari konsepsiyasiga muvofiq Jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etilmoqda.

Mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasiga soliq yukini kamaytirishning yana bir tadbirlaridan biri, bu – yagona ijtimoiy toʻlov stavkalarining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilishi boʻldi, bunda byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar uchun tatbiq qilinmaydi. Natijada soliq toʻlovchilar ixtiyorida qoladigan mablagʻlar 2,9 trillion soʻmni tashkil qiladi.

Fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini (stavkasi 8 foiz) bekor qilinadi.

Aytaylik, maktabgacha taʼlim muassasi tarbiyachisiga 1 million 908 ming soʻm ish haqi hisoblansa, soliqlar va toʻlovlar ushlab qolinganidan soʻng 1 million 520 ming soʻm qoʻliga olgan. 2019 yildan esa ushbu tarbiyachi 1 million 680 ming soʻm oylik olishni boshlaydi.

Foyda soligʻi toʻlovchilarga soliq yukini kamaytirish, investitsiyalar miqdorini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

– tijorat banklari uchun foyda soligʻi stavkasi 22 foizdan 20 foizgacha;

– korxona va tashkilotlar uchun 14 foizdan 12 foizgacha;

– dividend va foiz koʻrinishidagi daromadlar uchun 10 foizdan 5 foizgacha kamaytiriladi.

Bu esa soliq toʻlovchilar ixtiyorida 582 milliard soʻm mablagʻ qoldirish imkonini beradi.

Yuridik shaxslarning aylanmasidan (tushumi) undiriladigan davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda. Bu ajratma 15 foiz rentabellik bilan ishlaydigan korxona uchun 21,3 foizlik foyda soligʻi bilan tengdir. Demak, foyda soligʻi stavkasi bilan birga umumiy soliq yukining kamayishi qariyb 23,5 foizni tashkil qiladi. Buning hisobiga respublika boʻyicha soliq toʻlovchilarning koʻradigan foydasi 5 trillion soʻmdan ortiqni tashkil qiladi.

Soliq solishning soddalashtirilgan rejimidagi soliq toʻlovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirilmoqda. Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilmoqda. Yaʼni haqiqatan ham kichik korxona boʻlgan toʻlovchilar uchun bir yillik soliq toʻlovi summasi 10 million soʻmgacha kamayishi mumkin.

Yillik aylanmasi 100 million soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalari 13-40 foizga kamaytiriladi. Yillik aylanmasi 100 million soʻmdan yuqori va 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga aylanmadan 4 foizlik stavkada soliq toʻlashga oʻtkazish yoʻli bilan qatʼiy belgilangan soliq bekor qilinadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik aylanmasi (tushumi) 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkaziladi.

Endilikda har bir tuman (shahar)dagi korxonalar vakillari Davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Shuningdek, “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi masʼul xodimlari buxgalterlari mavjud boʻlmagan xoʻjalik subyektlariga elektron hisobvaraq-fakturalarini yuritish qoidalarini oʻrgatadi.

Umumbelgilangan rejimda soliq toʻlashga oʻtayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlaridan xodimlar biriktirilib, birinchi marotaba topshiriladigan hisobotlar yoki toʻldiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalari birgalikda amalga oshiriladi hamda 2019 yil davomida bevosita amaliy yordam koʻrsatib boriladi.

Sirasini aytganda, soliq tizimidagi bu kabi oʻzgarishlar aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.


Ulugʻbek Acrorov, OʻzA