Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi ochilishi munosabati bilan 2018-2019 oʻquv yili uchun qabul eʼlon qiladi. Hadis ilmi maktabi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Maktabda oʻqish muddati 5 yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati xabar qildi.
Maktabga 2018/2019 oʻquv yilida 10 ta talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Hadis maktabiga qabul 2018-yilning 8-noyabridan 15-noyabrigacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Abituriyentlar qabul hayʼatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
– Qabul hayʼati raisi nomiga ariza;
– oʻrta maxsus islom bilim yurtini tugatganligi haqida hujjatning (diplom) asl nusxasi;
– 086-U-shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma;
– pasport nusxasi (asli koʻrsatiladi);
– 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
– yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma;
– harbiy xizmatga aloqadorligi haqida hujjat (asli).
Hujjatlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar koʻchasi 18-berk koʻchasi 47-uy.
Murojaat uchun telefon: (71) 227-42-37.