Markaziy bank tomonidan depozit auksioni oʻtkaziladi

Markaziy bankning tijorat banklari bilan depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi belgilangani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklari bilan depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Nizomga muvofiq, depozit operatsiyalari Markaziy bank bilan tijorat banklari oʻrtasida tuziladigan Markaziy bankning depozit operatsiyalarida qatnashish toʻgʻrisidagi Bosh bitimga asosan milliy valyutada amalga oshiriladi.
Depozitlar boʻyicha foiz stavkalari Kredit qoʻmitasi tomonidan oʻrnatiladi.
Shuningdek, nizomda belgilanishicha depozit operatsiyalarini amalga oshirishda tijorat banklari majburiy rezerv talablarini oʻz vaqtida va toʻliq bajargan boʻlishi, qarz majburiyatlari boʻlmasligi lozim.
Markaziy bank tomonidan depozit auksioni (foizli va miqdoriy), oʻzgarmas foiz stavkasi boʻyicha depozit operatsiyalari amalga oshiriladi.
Auksioni toʻgʻrisidagi maʼlumot auksiondan uch ish kuni oldin Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Bundan tashqari depozit auksioni quyidagi standart shartlar asosida oʻtkazilishi belgilandi:
“1 hafta”– muddati yetti kalendar kunidan;
“2 hafta” – muddati oʻn toʻrt kalendar kunidan;
“1 oy” – muddati bir oydan;
“3 oy” – muddati uch oydan iborat depozit operatsiyasi;
boshqa shartlar asosida – depozit muddati Markaziy bankning depozit auksioni oʻtkazilishi haqidagi maʼlumotida koʻrsatiladi.
Foizli depozit auksionlari ikki xil usulda oʻtkazilishi mumkin:
“amerikacha” usul – tijorat banklarining raqobatli arizalari ularda taklif etilgan foiz stavkalari boʻyicha;
“gollandcha” usul – tijorat banklarining raqobatli arizalari chegirish stavkasi boʻyicha qondiriladi.

 

OʻzA