Poplik uchta fermer paxtaga aralashtirilib topshirilgan 3 tonna qum va tuproq bilan qoʻlga tushdi

Yurtimizda paxta mavsumi davom etmoqda, shu kunlarda esa terilgan xomashyoni paxta tozalash maskanlariga topshirish jarayonlari hali yakuniga yetganicha yoʻq. Bu ishlar har yili muttasil tashkil etilsa-da, yildan-yilga bu borada yangicha firibgarlik usullari oʻylab topilmoqda. Huquq-tartibot organlari tomonidan esa ular fosh etilyapti. Xuddi shunday nayranglardan biri kishini hayratga soladi. Tafsilotlar Namangan viloyatidan tayyorlangan navbatdagi lavhada.
 
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Namangan viloyati Pop tumani “Pop paxta tozalash”AJ mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining jinoiy rejalariga nuqta qoʻyildi. Oʻtkazilgan tezkor tadbirda, paxta topshirish Maskani brigadiri Furqat Rahimov, “Shamsiddin-Dildora” fermer xoʻjaligida terilgan paxta xomashyosi ostiga yashirilgan 1 tonna tuproq va qumni oʻtkazib berish evaziga Shuhrat Usmonovdan 300 AQSH dollari va 400 ming soʻmni olib, qum va tuproqni jamiyat hududiga tushirib chiqqan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushirildi.
Shuningdek, tezkor tadbir jarayonida tumandagi “Oltin zamin Rasul” va “Abdurashid ota T” fermer xoʻjaliklarining paxta xomashyolari olib kelingan transport vositalarining har birida polietilen qoplarda boʻlgan 1 tonnadan tuproq va qum borligi aniqlandi. Umuman, uchta fermer xoʻjaligi tomonidan 3 tonna qum va tuproq shu kuni sotilgan 9 694,7 ming soʻmlik paxta xomashyosi oʻrniga oʻtkazilganligi aniqlangan.
Bu hali hammasi emas, eʼtibor bering jamiyat hududidagi 27-buntning ichida tuproq uyumlari mavjud boʻlib, paxta saqlash maydonchasida mavjud xomashyo 1-nav 1-sinfga mansubligi va uni ichiga 1,8 tonna tuproq aralashtirib yuborilganligi Departament xodimlari tomonidan fosh etildi. Mazkur almashtirib qoʻyilgan tuproq uchun davlatdan 6,313 ming soʻm pul undirilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan “Pop paxta tozalash”AJ qoshidagi PTM brigadiri Furqat Rahimov va jamiyatning boshqa mansabdor hamda moddiy javobgar shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, paxta hosili dehqon uchun ona Vataniga, xalqiga xizmat qilish, yurt rivojiga hissa qoʻshish bilan barobar. Ammo oppoq paxtaga qora dogʻ tushirayotgan yuqoridagi kabi kimsalar afsuski milliy boyligimizni oʻz nafsini qondirish, choʻntagini qappaytirish manbai, deb oʻylayapti. Holbuki, bu kabi jinoyatlarni sodir etgan yoki etishga uringan shaxslar, albatta, qonun oldida javob berishadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
huzuridagi Axborot-tahlil multimedia
markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

OʻzA