Atom elektr stansiyasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi

Bugun butun dunyoda energetika muammosi dolzarb boʻlib turibdi. Ayrim mamlakatlar bunday muammoni yechishda neft mahsulotlari yoki tabiiy gazni sarf etayotgan boʻlsa, baʼzi davlatlar quyosh yoki shamol kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanmoqda. AQSH, Fransiya, Rossiya, Yaponiya, Angliya, Xitoy, Shvetsiya kabi rivojlangan mamlakatlarda esa atom energiyasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Yurtimizda ham sanoat ishlab chiqarishining jadal rivojlanishi, ayniqsa, aholi sonining yil sayin koʻpayib borayotgani elektr energiyasiga ehtiyojni tobora oshirmoqda. Uni toʻla-toʻkis qondirishning birdan-bir oqilona yoʻli – atom energiyasidan foydalanishdir. Chunki tahlillar bunday energiyaning istiqbolli ekanini koʻrsatmoqda. Bu nimalarda namoyon boʻladi?
Birinchidan, bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan 57 milliard kVt/soat elektr energiyasining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalarida hosil qilinmoqda. Buning uchun yiliga 17-18 milliard metr kub tabiiy gaz, 2,5-3 million tonna koʻmir va 90-95 ming tonna neft mahsulotlari sarflanmoqda. Elektr energiyasi hosil qilish uchun sarflanayotgan yoqilgʻining yonishidan atrof-muhitga, qolaversa, insonlar salomatligiga, oʻsimlik va hayvonot dunyosi rivojlanishiga zarar yetmoqda.
Ikkinchidan, elektr energiyasini neft, gaz va koʻmir hisobidan hosil qilishning ham zaxirasi cheklangan. Maʼlumotlarga qaraganda, uglevodorod yoqilgʻilari bugungidek miqdorda sarf qilinsa, uzogʻi bilan koʻmir 150 yilga, tabiiy gaz 70 yilga va neft mahsulotlari 50 yilga yetadi, xolos. Shu bois, mamlakatimizda issiqlik elektr stansiyasidan foydalanish istiqbolli emas.
Uchinchidan, issiqlik elektr stansiyalarida yoqilayotgan tabiiy gaz, koʻmir va neft mahsulotlarining jahon bozoridagi narxi hisob-kitob qilinsa, yiliga oʻrtacha 1,5-2 milliard AQSH dollari atrofida mablagʻ sarflanayotganini koʻrish mumkin.
Toʻrtinchidan, mamlakatning iqtisodiy va siyosiy qudrati uning elektr energiyasi bilan qay darajada taʼminlanganiga ham bogʻliq. Chunki mamlakatda faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarish korxonalari, yirik sanoat markazlarining samaradorligi, toʻla quvvat bilan ishlashi elektr energiyasi taʼminotiga bogʻliq.
Ana shu jihatlarni eʼtiborga olsak, Prezidentimizning 2017 yil 8 noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2018 yil 19 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida yurtimizda atom elektr stansiyasi (AES) qurishga kirishilishi energetika sohasida uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan oqilona siyosatdir. Bu mamlakatimizni ekologik toza va arzon energiya resursi bilan taʼminlash imkoniyatini yaratish bilan birga, yaqin kelajakda Oʻzbekistonni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ayni paytda yurtimizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj 70-75 milliard kVt/soat va qurilishi moʻljallanayotgan ikki blokdan iborat atom elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan energiya quvvati 2,4 gVt ekani hisobga olinsa, oʻz-oʻzidan ravshanki, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining bir qismini eksport qilish imkoniyati ham tugʻiladi. Shuningdek, AES ishga tushirilsa, 2030 yillarga borib yalpi ichki mahsulotimiz qariyb 3-3,5 milliard dollarga koʻpayishi, mahalliy isteʼmolchilardan tushadigan tushum ham shunchani tashkil etishi, qoʻshimcha soliq tushumlari esa 500 million dollarga yetishi bashorat qilinmoqda.
Bu raqamlardan koʻrinib turibdiki, AES energiyasidan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi nihoyatda yuqori. Xalqaro atom nazorati mutaxassislarining fikricha, AES qurilishi sarf-xarajatlari 7-8 yilda oʻzini toʻliq qoplab, mamlakat iqtisodiyoti uchun foyda keltira boshlaydi.
Atom energiyasi issiqlik elektr stansiyasida hosil qilinayotgan energiyaga nisbatan 7-8 barobar arzonligi eʼtiborga olinsa, uning qanchalik istiqbolli ekani maʼlum boʻladi. Bundan tashqari, atom elektr stansiyasi ishga tushgach, 4 mingga yaqin yuqori malakali mutaxassis doimiy ish bilan taʼminlanadi. Ayni paytda yurtimizdagi texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi institutlari oldida atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash vazifasi turibdi.
Jumladan, Samarqand davlat universiteti jamoasi ham AES uchun malakali mutaxassis tayyorlashga oʻzini masʼul bilib, aniq reja asosida ish olib bormoqda. Yadro fizikasi kafedrasida mutaxassislar tayyorlash uchun oʻquv rejalariga oʻzgartirishlar kiritildi. Atrof-muhitning radiatsion holatini oʻrganish boʻyicha “Fizikaviy-ekologiya”, “Amaliy yadro fizikasi va yadro energetikasi” kabi fanlar oʻqitiladigan boʻldi. Tegishli fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari yaratildi. Shuningdek, fizikaviy-ekologiya sohasida magistr mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Yaqinda kafedramiz bitiruvchilaridan ikki nafari Moskva muhandislik-fizika institutining “Yadro energetikasi” hamda “Yadro fizikasi va texnologiyalari” magistratura mutaxassisliklariga oʻtkazilgan tanlovda muvaffaqiyatli qatnashib, byudjet asosida oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi. Yana toʻrt nafar bitiruvchimiz Sankt-Peterburg muhandislik-texnika instituti magistraturasiga byudjet asosida qabul qilindi.
2018 yil aprel-may oylarida kafedramizning 2 nafar yosh oʻqituvchisi Moskva davlat universiteti “Yadro texnologiyalari” laboratoriyasida va Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida malaka oshirdi. Ayni paytda oʻqituvchilarimizni mazkur universitetda yadro texnologiyalari va yadro energetikasi boʻyicha ilmiy stajirovkaga yuborish boʻyicha kelishuvga erishganmiz. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.
Rashid Eshboʻriyev,
Samarqand davlat universiteti
yadro fizikasi kafedrasi mudiri.

 

OʻzA