Adliya vazirligi respublika boʻyicha 138 ta yangi taʼsis etilgan notarius shtat birliklariga tanlov eʼlon qilgani haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Jumladan, Toshkent shahrida – 28 ta, Toshkent viloyatida – 17 ta, Samarqandda – 15 ta, Fargʻonada – 13 ta, Surxondaryoda – 12 ta, Andijon, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida – 9 tadan, Buxoro va Jizzax viloyatlarida – 6 tadan, Navoiyda – 5 ta, Namanganda – 4 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 3 ta hamda Sirdaryo viloyatida – 2 ta boʻsh notarius lavozimiga tanlov oʻtkaziladi.
Tanlovda yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan, notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan, malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar stajirovka oʻtmasdan tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Bugungi kunda notariuslar oylik lavozim maoshlari (barcha ustamalar va pullik xizmatlardan kelib tushadigan daromadlar bilan hisoblaganda, soliqlar toʻlangandan soʻng) 4 million soʻmni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatgich Toshkent shahrida 6 million soʻmni, Samarqand viloyatida 4 million soʻmni, Fargʻona viloyatida 4,5 million soʻmni tashkil etmoqda. Ushbu maosh miqdori notarial idora tomonidan koʻsatilgan xizmatlar hajmida kelib chiqib yanada koʻproq boʻlishi ham mumkin.
Tanlovda ishtirok etish shartlari bilan www.adliya.uz va www.insonvaqonun.uz rasmiy veb-saytlari orqali tanishishingiz mukin.
OʻzA