Germaniya Bundestagining “GFR – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisi M.Grund boshchiligidagi delegatsiyasi 29-oktyabr kuni Buxoro viloyatida boʻldi.
Germaniya parlament guruhi vakillari Kogon tumanida joylashgan “Knauf Gips Buxoro” xorijiy korxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish va ular ishtirokida istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda ular uchun yaratilgan qulay investitsiyaviyva ishbilarmonlik muhiti muhim omil boʻlmoqda.
Buxoro viloyatida Germaniyaning dunyoga mashhur “Knauf” xalqaro guruhi bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxona muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. U 2009-yilda Oʻzbekistonda gips xomashyosiga asoslangan va dunyoda yuqori sifati bilan mashhur Knauf quruq aralashmasi ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirgan edi. Bu mamlakatimizda quruq va modifikatsiyalangan qurilish aralashmalari bozori shakllanishiga katta hissa boʻldi.
2011-yil sentyabr oyida “Knauf Gips Buxoro” xorijiy korxonasida Knauf qoplamalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.Joriy yil may oyida bu yerda gipsokarton ishlab chiqarish loyihasimodernizatsiya qilindi. Buning samarasida liniya quvvati 30 foizga oshib, korxonada yiliga 30 million kvadrat metrdan ziyod gipsokarton ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Germaniya parlament guruhi aʼzolari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zavod faoliyati bilan tanishdi. Xorijliklarga korxonada tayyorlanayotgan qurilish mahsulotlariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab oshib borayotgani haqida soʻzlab berildi.
Mehmonlar tashrif davomida Buxoroning tarixiy-meʼmoriy obidalari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishdi.