Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-forumi

Mamlakatimizda Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar festivali oʻtkazilmoqda. Festival doirasida “Yoshlar ijod saroyi”da ilk bor Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-forumi tashkil etildi.

Tadbirda ikki mamlakatning yosh ishbilarmonlari oʻzaro tajriba almashish bilan birga, qoʻshma biznes loyihalarini amalga oshirish, yangi korxonalar tashkil etish, axborot texnologiyalari, raqamli tijorat kabi sohalar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida muzokaralar olib bordi.

Biznes-forum ochilishida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Rossiya yoshlar itttifoqi raisi oʻrinbosari Tatyana Selivyorstova, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Bunyodbek Bahrombekov Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlari koʻplab sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar yoʻnalishda izchil rivojlanayotganini taʼkidladi.

Joriy yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Rossiya yoshlar ittifoqi oʻrtasida yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi imzolangan edi. Ushbu hujjat ikki mamlakat yoshlari oʻrtasida aloqalarni kuchaytirish hamda oʻzaro fikr almashish asosida yoshlar masalalari sohasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan.

2.jpg

3.jpg
Memorandum ijrosi doirasida shu yil 12-17 fevral kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida, 1-7 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva, Astraxan va Volgograd shaharlarida Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar forumi koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Rossiyada oʻtkazilgan tadbir davomida Belgorod shahrida birinchi Rossiya – Oʻzbekiston yoshlar biznes-inkubatori ochildi.

Endilikda Toshkentda ilk Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-inkubatori ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiya yoshlar ittifoqi raisi oʻrinbosari Tatyana Selivyorstova forumda maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, shu yil dekabr oyida Toshkentda ilk biznes-inkubatori tashkil etiladi. 2019-yilga borib yana shunday 5 ta biznes-inkubator faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Forumning yana bir ishtirokchisi, Rossiya yoshlar ittifoqi Xalqaro biznes loyihalar markazi direktori Aleksey Yejovning maʼlum qilishicha, ayni vaqtda Rossiya Federatsiyasida 20 dan ziyod Rossiya – Xitoy yoshlar biznes-inkubatori faoliyat yuritmoqda. Kelgusida Oʻzbekiston va Rossiya yoshlarining biznes-inkubatorlari bu koʻrsatkichni quvib yetadi. Buning uchun barcha sharoit va imkoniyat bor. Qolaversa, ayni sohadagi tashabbuslarni mamlakatlarimiz izchil qoʻllab-quvvatlamoqda.

4.jpg

31.jpg
Forum ishtirokchilari mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

– “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi koʻmagida oʻz faoliyatimizni kengaytirdik, – dedi “Pop Innovations” ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori Sardorjon Raxmonov. – Korxonamiz, asosan, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan yirik bunyodkorlik ishlariga qurilish materiallari yetkazib berishda korxonamiz ham ishtirok etmoqda. Ushbu forum doirasida Rossiya biznesining yosh vakillari bilan qator hamkorlik kelishuvlarini imzoladik.

Tadbir ishtirokchilari elektron tijorat sohasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdi.

– 2017-yilda faoliyat boshlagan kompaniyamiz mijozlarga onlayn savdo xizmatlarini taklif etmoqda, – dedi “Paynet” toʻlov tizimi va “LeBazaar” internet doʻkoni asoschisi Botir Orifjonov. – Hozir rivojlangan davlatlar savdo munosabatlari toʻla onlayn oldi-sotdiga oʻtmoqda. Onlayn bozor tizimi mamlakatimiz aholisi uchun talay qulayliklar yaratadi. Xususan, mavjud oflayn doʻkonlar ham hozir onlayn savdo munosabatlariga kirishishga urinmoqda. Onlayn savdoning takomillashuvi natijasida oʻz-oʻzidan mobil smartfonlar savdosi kengaymoqda. Forum doirasida Rossiya biznes vakillari onlayn savdo sohasida hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishdik.

36.jpg

45.jpg
Axborot texnologiya iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan boʻlib, forumda sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga doir fikrlar ham bildirildi. Jumladan, “My Taxi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Akmal Fayziyevning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari bozorida muvaffaqiyatli tajribalar yoʻqligi, mutaxassislar yetishmasligi va internet bilan bogʻliq qator muammolar mavjud boʻlib, ular soha rivojiga jiddiy xalaqit qilmoqda.

– Birgina internet misolida oladigan boʻlsak, mamlakatimizda bu xizmat narxi boshqa davlatlar bilan solishtirganda bir necha baravar qimmat. Vaholanki, axborot texnologiyalari bozorining asosiy unsurlaridan biri internet hisoblanadi. U barcha uchun hamyonbop boʻlmas ekan, soha tadbirkorligi rivojlanmaydi, – dedi u.

Forum doirasida ikki mamlakat yosh tadbirkorlari, korxona va kompaniyalari rahbarlari ishtirokida “B2B” formatda uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda iqtisodiyotning turli tarmoqlari boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.

Tadbir doirasida hunarmandlik va rassomlik koʻrgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilar “Urban fest” hududi: zamonaviy raqs va graffiti tanlovi”da oʻz mahoratini sinovdan oʻtkazdi.

 

Malohat Husanova, Zuhra Mirzaboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA