Ayni kunlarda Xitoy poytaxti Pekin shahrida Oʻrmonchilik boʻyicha 4-Xalqaro Kongress boʻlib oʻtmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi (FAO), Oʻrmon xoʻjaligida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi tashkilotlar xalqaro uyushmasi (IUFRO), Xitoy milliy oʻrmonchilik va koʻkalamzorlashtirish Vazirligi, Xitoy oʻrmon xoʻjaligi akademiyasi taʼsischiligida tashkillashtirilgan Kongressda 70dan ziyod davlatlar hamda 10dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlardan oʻrmonchilik sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda yetakchi mutaxassislar ishtirok etishmoqda.

Kongressning dastlabki uch kunida dunyodagi sohaning yetakchi olimlari, tadqiqotchilari tomonidan oʻrmonchilik sohasida, jumladan, choʻl va nam tanqis xududlarda oʻrmon barpo etish ishlarini tashkil etish, uchrayotgan muammolar hamda ularning yechimlari boʻyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar boʻyicha maʼruzalar boʻlib oʻtdi.

photo5377582845012322797.jpg

Eʼtiborlisi ushbu kongressda Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rais oʻrinbosari – Oʻrmon xoʻjaligi ITI direktori, professor A.X.Hamzayev ham ishtirok etmoqda.

photo5377582845012322798.jpg

Yuqori darajadagi mehmon sifatida taklif etilgan professor A.X.Hamzayev Oʻzbekistonda oʻrmonchilik sohasida olib borilayotgan ishlar, soʻngi yillardagi salmoqli ijobiy oʻzgarishlar, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlari haqida maʼruza qildi. Hamda Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, hududda va qum zararli tuzlarni koʻchishini, yoʻllar va aholi yashash hududlarini qum bosishini oldini olish, Markaziy Osiyoning Orol dengizi mintaqasida barqaror ekologik holatni tashkil etish maqsadida hamkorlikda tadbirlar va ilmiy tadqiqotlar olib borish lozimligi taklifini oʻrtaga tashladi.

photo5377582845012322799.jpg

Anjumanda Oʻzbekistonda oʻrmonchilik sohasida keyingi yillarda eng yuqori darajada berilayotgan eʼtibor eʼtirofga loyiqligi, togʻli va togʻoldi hududlarda oʻrmon barpo etish, yongʻoqmevali, jumladan, pista plantatsiyalarini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarga yuqori baho berildi.

Kongressda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rais oʻrinbosari, professor A.Hamzayev Xitoy milliy oʻrmonchilik va koʻkalamzorlashtirish vaziri oʻrinbosari Liu Dongsheng (Liu Dongsheng) , Xitoy oʻrmon xoʻjaligi akademiyasi prezidenti Jang Shougong (Zhang Shougong), Sharqiy Osiyo oʻrmonlari forumi raisi Choy Huin Sub (Choi Hyun Sub), Oʻrmon xoʻjaligida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi tashkilotlar xalqaro uyushmasi (IUFRO) ijrochi direktori Aleksandr BAK (Alexander Buck) bilan muzokaralar olib borib, kelajakdagi tadbirlar va ilmiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish taklifini berdi.

Kongress ishi davomida Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti bilan Oʻrmon xoʻjaligida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi tashkilotlar halqaro uyushmasi (IUFRO), Xitoy oʻrmon xoʻjaligi akademiyasi (CAF), Koreya oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti, Mongoliya milliy universiteti, Eron oʻrmonchilik va yaylovshunoslik ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik uchun memorandum imzolashga va kelgusida hamkorlikda oʻrmonchilikdagi muammolar boʻyicha tadqiqotlar olib borishga kelishildi.

 

O’zA