Albatta bunday natijaga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Qishloq xoʻjaligi sohasini tubdan isloh qilish, sifatli xom-ashyo yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha qabul qilingan hujjatlar, jumladan Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori fermerlarimizning yerga boʻlgan, ishga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirdi. Mirishkor fermerlarimizning yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan toʻlaqonli va samarali foydalanishi, tunu kun qilgan fidoyi mehnatlari oʻz natijasini koʻrsatdi.
Dehqonchilik – mashaqqatli ish. Har qanday ekinni ekishda albatta ilm bilan yondashish, ilgʻor tajribalarni amaliyotda qoʻllash, har bir fasl va va har bir kunning ob-havosini oldindan bilish, sezish va shunga qarab ish koʻrish lozim. Ezgu niyat bilan qishning qahratoni-yu yozning jaziramasida ham har bir tadbirni oʻz vaqtida sifatli bajargan dehqonning hosili albatta barakali boʻladi. Shu maʼnoda bugungi erishilgan gʻalaba ham dehqonlarimizning, qishloq xoʻjaligi mutaxassislarining, sohaga xizmat koʻrsatuvchi barcha hamkor tashkilotlar mehnat jamoalarining hamjihatlikdagi xizmatlari samarasi, desak oʻrinli boʻladi.
Joriy yilda mavjud 510 ta fermer xoʻjaliklarimizning 15 ming 550 gektar yeriga chigit ekildi, ob-havo qiyinchiliklariga qaramay tekis nihol olishga erishildi. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻz vaqtida sugʻorilishi moʻl hosilga ishonchli zamin yaratadi. Joriy yilgi gʻoʻza vegetatsiya davridagi suvning biroz tanqisligini inobatga olib, suvni tejaydigan texnologiya – 4 ta koʻchma egiluvchan quvurlar kompleksi olib kelinib, fermer xoʻjaliklariga berildi. Sugʻorish ishlarini oʻz vaqtida samarali olib borish uchun Xitoy Xalq Pespublikasida ishlab chiqarilgan 30 dona kichik koʻchma dizel nasoslari yetkazib berilganligi ham oʻz natijasini berdi.
Bu kabi chora-tadbirlar gʻoʻza nihollarining ortiqcha chanqab qolishining va hosil nishonalari toʻkilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Natijada kuz boshlanguniga qadar paxta maydonlarimizda hosil qiygʻos ochilib, yigʻim-terimga kirishildi.
Paxta yigʻim-terim mavsumini yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida tumanda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan terim oldidan sektorlar rahbarlari tomonidan tumanimiz hududlarida aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, ixtiyoriylik asosida 300 ta terim otryadlari shakllantirildi.
Shunisi ahamiyatliki bu yil Amudaryo tumani paxta hosilini hasharchilarsiz terib olish tashabbusi bilan chiqqan tumanlardan biri boʻldi. Tumanimizda qishloq xoʻjaligi sohasida koʻp yillardan buyon shakllangan tizim, fidoyi va mehnatkash xalqimizning hamjihatlikda qilgan mehnatlari natijasida davlatga paxta topshirish boʻyicha shartnomaviy rejani Qoraqalpogʻistonda birinchi, Oʻzbekistonda birinchilar qatori ortigʻi bilan uddalab, mehnat zafariga erishildi. Buning uchun barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Bu yilgi bunyod etilgan xirmon nafaqat fermer xoʻjaliklari daromadining oshishi balki tumanimiz aholisi hayotining farovonligi va turmush darajasining yanada yaxshilanishi uchun ham katta ahmiyatga ega boʻldi. Chunki joriy yilda paxtaning xarid narxining oshirilgani, terim uchun oʻtgan yillarga solishtirilganda deyarli ikki barobardan ortiq haq toʻlgangani fermerlar va hasharchilarning moddiy manfaatdorligini oshirishda muhim omil boʻldi. Shuningdek, bu omil vaqtincha ishsiz yurtdoshlarimizning yigʻim-terimda ishtirok etib, oilasiga qoʻshimcha daromad keltirish vositasi ham boʻldi.
Paxta terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlarning yaratilgani, jumladan dala boshida issiq ovqat va choy tashkil etilgani, ilgʻor terimchilar doimiy ravishda ragʻbatlantirilib borilgani, madaniy-maʼrifiy tadbirlarning oʻtkazilishi, terim pullarining oʻz vaqtida kunlik hisob-kitob qilib borilgani paxtakorlarga yanada kuch bagʻishladi. Shu kungacha tumanimiz boʻyicha jami 24 mlrd. soʻmdan ziyod naqd pul terim haqi sifatida tarqatildi. Jami yigʻib-terib olingan 32 ming tonnadan ortiq paxtaning asosiy qismi birinchi navga topshirilgani esa fermerlarimizning yuqori daromad olishini taʼminlaydi.
Fursatdan foydalanib barcha qishloq xoʻjaligi xodimlarini, dehqon va fermerlarimizni, hasharchi va yordamchilarni, paxta yigʻim-terimiga oʻzining hissasini qoʻshgan barcha yurtdoshlarimizni erishilgan mehnat zafari bilan chin qalbimdan tabriklayman va oʻzimning samimiy tashukkurimni bildiraman. Mashaqqatli mehnatingizning rohatini koʻrish baxti Sizga nasib etsin, aziz yurtdoshlar!