Propiskaga qoʻyish boʻyicha tartib takomillashtirildi

Hukumat qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish va turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Nizom bilan fuqarolarini Qoraqalpogʻiston Respublikasida va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) doimiy propiska qilish va turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibi belgilandi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati boʻyicha alohida qaror mavjud).
Nizomga muvofiq, fuqaro viloyatlarda doimiy propiskaga ega boʻlish uchun tuman (shahar) Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
pasport;
kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish toʻgʻrisidagi arizasi;
nikoh tuzilganligi yoki bolalar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar, shuningdek, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
propiska uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya.
Bunda turar joy mulkdori oʻz oila aʼzolarini va boshqa shaxslarni propiskadan oʻtkazish huquqiga ega.
Harbiy xizmatga majbur shaxslarni propika qilish ular mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarda harbiy hisobga qoʻyilganlaridan keyin amalga oshiriladi. 16 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan fuqarolar harbiy hisobga qoʻyilishlari kerak.
Hujjatlar uch ish kuni mobaynida tekshiriladi hamda fuqaroga belgilangan tartibda doimiy propiska rasmiylashtiradi.
Fuqaroni viloyatda turgan joyi boʻyicha hisobga olish esa uni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan besh kundan bir yil muddatga amalga oshiriladi.
Viloyatlarga besh kundan ortiq boʻlmagan muddatga kelgan fuqarolar hisobga olinmaydi.
Shuningdek, fuqaro viloyatda hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda oʻzi vaqtincha turgan joydagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
pasport;
kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlar ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma va 3,5×4,5 mm oʻlchamdagi ikkita rasm – 16 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun;
uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish toʻgʻrisidagi arizasi (roziligi);
uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
hisobga olinganlik uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya.
Hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin oʻsha kunning oʻzida ariza beruvchiga turgan joyida hisobga olish toʻgʻrisida fuqaroning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatga qayd varagʻini yoki BARE-CODE bilan himoyalangan qayd varagʻini (2019 yil 1 apreldan boshlab) beradi.

 

OʻzA