Mukofotlanganlar qatorida OʻzA vakili ham bor

Yodingizda boʻlsa, shu yilning iyul oyida poytaxtimizda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasiga (CAFA) aʼzo mamlakatlarning 15 va 16 yoshlilar terma jamoalari oʻrtasida xalqaro turnir boʻlib oʻtgandi.

Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida mazkur musobaqani Ommaviy axborot vositalarida faol yoritgan bir guruh jurnalistlarni taqdirlash marosimi tashkillashtirildi.

Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti, OʻFA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov nufuzli sport tadbirini yoritishda faollik koʻrsatgan OAV xodimlarini tashkilot nomidan tashakkurnoma va sovgʻalar topshirar ekan, ularga minnatdorlik bildirdi, kelgusi musobaqalarda ham jurnalistlardan ana shunday faollik kutib qolishini taʼkidlab oʻtdi.

Ahamiyatli jihati, taqdirlanganlar orasida Agentligimizning fotomuxbiri Alimurod Mamadaminov ham bor.

Tajribali fotomuxbirimiz haqida gap ketar ekan, uch kundirki Toshkent fotosuratlar uyida uning “Tezroq, balandroq, kuchliroq” nomli shaxsiy fotokoʻrgazmasi boʻlib oʻtganligini ham taʼkidlash joiz.

1996-yildan bugunga qadar Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida fotomuxbir vazifasida ishlab kelayotgan va Muhammad Amin taxallusi ostida ijod qilayotgan suratkashimiz yurtimiz fotoijodkorlarining turli koʻrgazma va koʻrik tanlovlarida faol ishtirok etib, 2008-yili “ Eng ulugʻ, eng aziz” respublika koʻrik-tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, 2012-yili Oʻzbekiston va sport ishlari vazirligi tomonidan “Yilning eng faol fotomuxbiri” deya eʼtirof etilgan.

Muhammad Amin tinimsiz mehnat qilib, turli mavzularda muvaffaqiyatli, badiiy fotolar muallifi boʻldi. Ijodkorning, ayniqsa, sport sohasidagi takrorlanmas jarayonlar aks etgan suratlari tomoshabinda oʻzgacha tasavvur uygʻotadi.

OʻzA