Turkiyaga bormoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklar ogohlantiriladi

Oʻzbekistondan Turkiyaga sayyoh sifatida, dam olish maqsadida yoʻl olayotgan oʻzbekistonlik sayyohlar soni soʻnggi yillarda ortib bormoqda. 
Taʼtil uchun sayyohlar eng koʻp boradigan shaharlar Istanbul, Bodrum va Antaliya shaharlaridir. Oʻtgan yildan boshlab yozgi taʼtil vaqtlari Toshkent va Antaliya oʻrtasida Oʻzbekiston havo yoʻllarining charter reyslari ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yilning 23 may sanasidan 19 sentyabr sanasigacha 57 ta charter reyslar amalga oshirildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Oʻzbekiston havo yoʻllari va Turkiya havo yoʻllarining haftasiga 18 ta havo qatnovi yoʻlga qoʻyilgan (Toshkent va Samarqand shaharlariga).
Soʻnggi vaqtlarda Turkiyaning dengiz sohilida joylashgan dam olish maskanlaridagi shaharlarida Istanbul shahridan avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport vositalari bilan qatnayotgan sayyohlar soni tobora ortib bormoqda va turizm mavsumi vaqtida haydovchilarning tezlikni oshirishi, kechalari yoʻlga chiqishi va haydovchilarning avtomobil haydash vaqtida uxlab qolishi sabablari bilan avtohalokatlar soni tobora ortib bormoqda.
Turkiya Respublikasi Statistik qoʻmitasi chop etgan rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2017 yilda Turkiya avtomobil yoʻllarida 1 202 716 ta avtohalokat sodir boʻlgan boʻlib, 300 383 kishi jarohatlangan va 7427 kishi hayotdan koʻz yumgan. 2017 yilda avtohalokat oqibatida vafot etgan kishilarning 43,2 foizi haydovchilar, 34,2 foizi yoʻlovchilar va 22,6 foizi piyodalardir.
Avtohalokatlarning 67,4 foizi kunduz kuni, 30 foizi kechasi va 2,6 foizi kun botganida sodir boʻlgan.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, shuningdek, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va ogohligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Turkiyaga sayyoh sifatida dam olish uchun yoʻl olayotgan oʻzbekistonlik sayyohlarga imkon qadar Toshkent-Antaliya-Toshkent, Toshkent-Istanbul-Antaliya-Istanbul-Toshkent aviaqatnovlari bilan borishlarini, Turkiyaning dengiz sohillarida joylashgan dam olish maskanlaridagi shaharlariga Istanbul shahridan avtobus yoki mikroavtobuslar bilan borish istagi bor sayyohlarga imkon boricha faqat kunduzgi vaqtlarda yoʻlga chiqishlarini va haydovchining holati va sogʻligiga eʼtibor berishlarini (uzoq yoʻllarda qoida boʻyicha ikkita haydovchi boʻlishi kerak) tavsiya etadi.

 

OʻzA