Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 10 oktyabr kuni Oʻzbekiston – Tojikiston – Koreya uch tomonlama biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ushbumamlakatlarning iqtisodiyot, investitsiya, bank-moliya, savdo-sanoat, turizm, logistika, energetika, elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, toʻqimachilik kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalarivakillari ishtirok etdi.

Unda Oʻzbekiston – Tojikiston – Koreya davlatlarining oʻzaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligini yangi pogʻonaga koʻtarish masalalari muhokama qilindi. Hamkor mamlakatlar hududida chet el kapitali ishtirokidagi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qoʻmitasi raisi Farrux Hamrolizoda, Koreya Respublikasining Tojikistondagi muvaqqat ishlar vakili Li U Chon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi samarali sheriklik va doʻstlik munosabatlarining mustahkamlanishi hamkorlik aloqalarida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlarida erishilgan kelishuvlar oʻzaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy sohalardagi munosabatlarni yangi pogʻonaga koʻtarishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tashabbusi bilan ilk bor oʻtkazilayotgan uch tomonlama forum Oʻzbekiston – Janubiy Koreya kapitali va ishbilarmonlari ishtirokidagi qoʻshma korxonalar va biznes loyihalarni uchinchi mamlakat hududida amalga oshirish, Tojikiston bilan kooperatsiya sohasidagi sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangani bilan alohida ahamiyatga ega.

Bugungi kunda ishonch ruhidagi doʻstlik, teng sheriklik munosabatlari Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qayd etiladi. Mamlakatimizning Tojikiston bilan aloqalari misolida oladigan boʻlsak, savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi surʼatlarda rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foiz oʻsdi. Oʻzbekistondan Tojikistonga yengil avtomobillar, yuk mashinalari, qishloq xoʻjaligi texnikalari, metallurgiya, elektrotexnika, qurilish mollari, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati mahsulotlari eksport qilinayotgan boʻlsa, Tojikiston mamlakatimizga qurilish materiallari, sement, alyumin kabi mahsulotlarni yetkazib bermoqda.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib, koʻp qirrali hamkorlik kengayib bormoqda. Mamlakatimizda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 460 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Koreyaning 75 kompaniyasi oʻz vakolatxonasiga ega. Ushbu mamlakatning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb etgan investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Forumda mamlakatimizda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida maʼlumot berildi. Oʻzaro hamkorlikda energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm, kommunikatsiya, moliyaviy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatlari xususida soʻz yuritildi.

Kunning ikkinchi yarmida tadbir ishtirokchilari Tojikistonning bir qator sanoat korxonalari va dehqon xoʻjaligida boʻlib, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari tojikistonlik va koreyalik tadbirkorlar ishtirokida tashkil qilingan B2B, G2B formatidagi muzokaralarda qatnashdi.

Anjumanda investitsiyaviy hamkorlikka oid qator kelishuv va shartnomalar imzolandi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA